Yangiliklar

Prezident maktab bitiruvchilarini samimiy tabrikladi

Faol o‘quvchilarni alohida e’tirof etdi
Prezident maktab bitiruvchilarini samimiy tabrikladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev bitiruvchi yoshlarni samimiy tabriklab, ularga kelajakda ulkan kuch va muvaffaqiyatlar tiladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, tabrikda, oltin va kumush medal sohiblari ta’limda va jamoat ishlarida o‘zlarini namoyon qilganliklari uchun alohida e’tirof etildi.

Bugungi kunda mamlakatda yoshlarning ilmiy va kasbiy rivojlanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. 201 ta oliy ta’lim muassasasi, 598 ta texnikum, innovatsion markazlar va boshqa ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ta’lim tizimining sifatini oshirish, bitiruvchilarga tanlov imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida yangi dasturlar va elektron platformalar joriy etilmoqda.

Mirziyoyev yoshlarga milliy va umuminsoniy qadriyatlarni mustahkamlash, izlanish va mehnatdan to‘xtamaslik zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, halol mehnat, ilmga bo‘lgan sadoqat va oilaga hurmat insonning hayotini yanada fayzli va mazmunli qilishi qayd etildi.

«Aminman, sizlarning yangi g‘oya va tashabbuslaringiz, turli sohalardagi yutuqlaringiz Yangi O‘zbekistonni yanada qudratli etadigan moddiy va ma’naviy asoslarni barpo etishga beqiyos hissa bo‘lib qo‘shiladi», deydi davlat rahbari.

O‘zbekiston kelajagi bo‘lgan yoshlarning har birining oldida yuksak maqsadlar turganligi ta’kidlandi. Prezident ularning mehnatlari Yangi O‘zbekistonni barpo etishda muhim hissa bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston maktablariga 500 dan ortiq britaniyalik va boshqa xorijiy o‘qituvchilar jalb etilishi haqida yozgan edik.