
O‘zbekiston milliy to‘lov tizimi – Humo’ning xususiylashtirilishidan bir necha oy o‘tib, uning ko‘plab xizmatlari bo‘yicha tariflari qayta ko‘rib chiqildi.
Yangi tariflarga ko‘ra, ba’zi operatsiyalar bo‘yicha komissiya miqdori 3 baravar va undan ortiq darajada oshdi. Bu holat to‘lov tizimining xususiylashtirilishi ortidan narx siyosatida jiddiy o‘zgarishlar yuz berganini ko‘rsatmoqda.
Tariflar qanday o‘zgardi
2024-yil 12-avgustda so‘nggi marta o‘zgartirilgan tariflar 2025-yil 7-mart va 21-may kunlari bosqichma-bosqich yangilandi. Asosiy o‘zgarishlar EPOS orqali internetda amalga oshiriladigan onlayn operatsiyalar, ya’ni masofaviy ekvayring (internet-do‘konlar, ilovalar, QR-kodlar orqali to‘lov) uchun komissiyalarga taalluqli bo‘ldi.
Avval 0,03 foiz bo‘lgan tarif ayrim to‘lov turlari bo‘yicha 0,1 foizgacha oshirildi. Xususan:
- EPOS orqali boshqa tizimlarga o‘tkazmalar – 0,1%
- Transchegaraviy to‘lovlar – 0,1%
- Umumiy hisobdan chiqarishlar – 0,1%
- QR to‘lovlar (joyida olib qo‘yish) – 0,06%
- Valyuta konversiyasi – 0,1%
- Naqd to‘lovlar (infokioskda) – 0,1%
- Omonat va kredit operatsiyalari – 0,1%
- Rekvizitlar bo‘yicha to‘lovlar – 0,1%
EPOS orqali Humo ichida pul o‘tkazmalari uchun komissiya darajasi avvalgidek – 0,03% bo‘lib qolmoqda.
Xalqaro kartalar uchun xizmat narxi ham oshdi
- Visa/Visa Domestic va Mastercard/Mastercard Domestic kartalari uchun bankomat ekvayring xizmati 0,59% dan 0,6% gacha ko‘tarildi (kamida 2875 so‘m).
- Mastercard International xizmatlari 2,3% dan 2,8% gacha ko‘tarildi.
- UnionPay International – 0,19% dan 0,2% gacha oshirildi.
HumoPay xizmati va kartalar emissiyasidagi o‘zgarishlar
HumoPay abonent to‘lovi butunlay bekor qilindi. Ilgari bu xizmat uchun banklar har oy 3,5 mln so‘m to‘lashardi. Shu bilan birga, Humo kartalarini chiqarish qiymati 3000 so‘mdan 2000 so‘mga tushirildi.
Yangi pullik xizmatlar ham joriy etildi
- Bankomatdagi qo‘shimcha xizmatlar (valyuta ayirboshlash va h.k.) uchun — oyiga 375 ming so‘m (1 BHM)
- «Savdogarning shaxsiy kabineti» xizmati uchun:
- POS va bankomatlar uchun — 11 250 so‘m (3% BHM)
- EPOS terminallari uchun — 75 ming so‘m (20% BHM)
Shuningdek, Alipay+ QR to‘lovlariga ulanish va texnik xizmatlar uchun ham alohida tariflar belgilandi:
- Ulanish – 3 mlrd so‘m (8000 BHM)
- Har bir tranzaksiya – 0,3%
- Texnik xizmat – oyiga 3,75 mln so‘m (10 BHM)
Avvalroq Kursiv Uzbekistan HUMO tokeni sinovdan o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edi.