O‘zbekistonda 1-iyundan nimalar o‘zgaradi

O‘zbekistonda 1-iyundan nimalar o‘zgaradi? «Kursiv» respublikada amalga oshadigan bir qator o‘zgarishlar haqidagi yangiliklarni keltirib o‘tadi.
Bu maqolada nimalarni bilib olish mumkin:
- Yo‘l chiziqni bosganlik uchun avtomatik jarima yozilmaydi
- O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro vizasiz rejim joriy qilindi
- Bahrayn, Kuvayt va O‘monliklarga O‘zbekistonda 30 kunlik vizasiz rejim
- Talaba qizlarga maxsus yangi stipendiya tayinlanadi
- Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olganlarga 50 million so‘mgacha subsidiya beriladi
- «Faol hayotga qadam» ijtimoiy dastur ishga tushadi
- $200 ming evaziga O‘zbekistonda 5 yillik yashash guvohnomasi beriladi
- Harbiylarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditiga beriladigan dastlabki badal oshadi
- Top – 100 oliy ta’lim muassasalaridan ilmiy daraja olgan mutaxassislarga uy-joy olish uchun ssuda beriladi
- Yo‘llarida yo‘l ta’mirlash ishlari qachon amalga oshirilishi belgilandi
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Andijonda ichimlik suvi narxi oshadi
Yo‘l chiziqni bosganlik uchun avtomatik jarima yozilmaydi

2025-yil 1-iyundan boshlab avtomobil yo‘llaridagi chiziqlarni bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlari avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali aniqlanmaydi.
Bundan faqatgina to‘xtash chizig‘i – «stop-liniya» (5.33 belgisi) mustasno hisoblanadi.
Ya’ni haydovchi yo‘l chizig‘ini bosib o‘tsa, bu holat radar yoki videokamera orqali qayd etilmaydi va avtomatik tarzda jarima yozilmaydi. Biroq Yo‘l-patrul xizmati xodimi tomonidan aniqlansa, qoidabuzarlik belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro vizasiz rejim joriy qilindi

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida o‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim kuchga kirishi uchun davlat ichki protseduralari tugallandi. Bitim 2025-yil 1-iyundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston va Xitoy fuqarolarining ikki davlat hududiga o‘zaro vizasiz safarlariga doir masalalarni tartibga solinadi.
Bitimga muvofiq, Tomonlar davlatlari fuqarolari ikki davlat hududlariga kirish, undan chiqish yoki tranzit qilish uchun har bir alohida bo‘lish muddati 30 kundan oshmaydigan muddatda va har qanday 180 kunlik davr ichida jami 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatda viza talablaridan ozod qilinadi.
Bahrayn, Kuvayt va O‘monliklarga O‘zbekistonda 30 kunlik vizasiz rejim

Shu yilning 1-iyunidan Bahrayn, Kuvayt va O‘mon fuqarolari uchun O‘zbekiston hududida 30 kunlik vizasiz rejim joriy etiladi.
Shuningdek, 2025-yil yakunigacha 15,8 million xorijiy turistlar tashrifini tashkil etish, turizm xizmatlari eksportini $4 milliardga yetkazish, 40 million mahalliy sayyohlarning hududlarga safarini ta’minlash va qo‘shimcha 378 ta turoperator faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Talaba qizlarga maxsus yangi stipendiya tayinlanadi

2025-yil 1-iyundan «qizil» toifaga kiruvchi kam ta’minlangan oilalarning «a’lo» baholarda o‘qiyotgan talaba qizlariga bazaviy stipendiyaning 2 baravari (750 ming so‘m) miqdorida maxsus stipendiya to‘lanadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olganlarga 50 million so‘mgacha subsidiya beriladi

1-iyundan boshlab, I va II guruh nogironlarni ishga olgan tadbirkorlarga 50 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Subsidiyalar surdotarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatlari xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi.
Jismoniy shaxslarga hamrohlik xizmatini o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ko‘rsatishga ruxsat etiladi. Bundan tashqari, «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimida mehnatga layoqatli nogironlarning elektron reyestri yuritiladi.
«Faol hayotga qadam» ijtimoiy dastur ishga tushadi

1-iyundan «Faol hayotga qadam» nomli yangi ijtimoiy dastur amalga oshiriladi.
Dastur doirasida quyidagi 5 ta yangi ijtimoiy xizmat joriy etiladi:
- uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish;
- uy sharoitida qarab turish;
- tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya;
- kunduzgi qatnov asosida qarab turish;
- shaxsiy yordamchi xizmati.
Mazkur xizmatlardan foydalanish xarajatlari qisman vaucher orqali qoplab beriladi. Vaucherlar hukumat belgilagan miqdorda subsidiya sifatida ajratiladi.
$200 ming evaziga O‘zbekistonda 5 yillik yashash guvohnomasi beriladi

1-iyundan boshlab, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmaganlarga $200 ming hamda har bir oila a’zosiga $100 ming to‘lov evaziga 5 yillik yashash guvohnomasi soddalashtirilgan tartibda beriladi.
Harbiylarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditiga beriladigan dastlabki badal oshadi

10 yildan ortiq xizmat qilgan harbiy xizmatchilarga uy-joy sotib olish yoki qurish uchun ajratiladigan ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badal miqdori uy-joy qiymatining 35 foiziga teng etib belgilandi. Avval bu ko‘rsatkich 25 foiz edi.
Top – 100 oliy ta’lim muassasalaridan ilmiy daraja olgan mutaxassislarga uy-joy olish uchun ssuda beriladi

1-iyundan Top – 100 oliy ta’lim muassasalarida ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha boʻlgan mutaxasisslarga uy-joy xarid qilishi uchun BHMning 2150 baravarigacha ssuda ajratiladi.
Shuningdek, xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblariga toʻlanadigan bir martalik pulning miqdori 5 baravarga oshirilishi belgilandi.
Yo‘llarda ta’mirlash ishlari qachon amalga oshirilishi belgilandi

1-iyundan boshlab shaharlardagi avtomobil yo‘llarida yo‘l ta’mirlash va chiziqlarni chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07:00 dan 21:00 gacha bajarishga ruxsat berilmaydi (faqat dam olish kunlari yoki kechiktirib bo‘lmaydigan holatlar bundan mustasno).
Endilikda bunday ishlar faqat tungi vaqtlarda – transport harakati minimal bo‘lgan soatlarda bajariladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Andijonda ichimlik suvi narxi oshadi

Qoraqalpog‘istonda bir kub metr ichimlik suvi iste’molchilarga – 4 704 so‘m, budjet tashkilotlariga – 9 240 so‘m, yuridik korxonalarga – 9 240 so‘m.
Bir kub metr oqova suv esa iste’molchilarga – 2 212 so‘m, byudjet tashkilotlariga – 4 424 so‘m, yuridik korxonalarga – 4 424 so‘m etib belgilanmoqda.
Andijonda esa bir kub metr ichimlik suvi iste’molchilarga – 1650 so‘m, budjet tashkilotlariga – 2640 so‘m, yuridik korxonalarga – 4180 so‘m.
Bir kub metr oqova suv esa iste’molchilarga – 1650 so‘m, byudjet tashkilotlariga – 2640 so‘m, yuridik korxonalarga – 3520 so‘m etib belgilanmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda 1-maydan nimalar o‘zgarishi haqida yozgandi.