Transportdan chiqindi tashlaganlik uchun jarimalar oshiriladi

O‘zbekiston 2030-yilgacha aholining ekologik madaniyatini oshirish konsepsiyasi doirasida transport vositalaridan chiqindi tashlaganlik uchun jarimalar va jazo choralarini kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
Bu borada Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga o‘zgartirishlar kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda 91¹-modda bo‘yicha belgilangan joylarga chiqindi tashlaganlik uchun jismoniy shaxslarga 1–3 BHM(bazaviy hisoblash miqdori), yuridik shaxslarga esa 3–5 BHM miqdorida jarima belgilanadi. Biroq konsepsiyada bu jarimalar yetarli emasligi aytilgan va ularni oshirish taklif qilinmoqda: birinchi marta huquqbuzarlik sodir etilganda 3–5 BHM, takroriy holatda esa 10–15 BHM jarima belgilanishi mumkin.
Bu choralar shunchaki tartib-intizom emas, balki atrof-muhitni ifloslanishdan himoya qilish yo‘lidagi zaruratdir. Tadqiqotlarga ko‘ra, yo‘llardagi chiqindilarning qariyb 53 foizi avtomobil haydovchilari va yo‘lovchilari tomonidan tashlab ketiladi, ularning aksariyati esa plastik butilka, ovqat qadoqlari va tamaki qoldiqlaridan iborat.
Fikr yuritish uchun: faqat Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan 638,8 ming transport vositasi bor, kuniga esa yana 150 – 300 ming avtomobil kirib keladi. Agar har 10 mashinadan bittasi chiqindi tashlasa, poytaxt ko‘chalari kuniga 15 – 30 ming dona chiqindi bilan ifloslanadi.
Shu bois qonunchilikdagi o‘zgarishlar orqali ham ekologiyani asrash, ham fuqarolarning mas’uliyatini oshirish maqsad qilingan. Yangi choralar muhokama bosqichida.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatda Chiqindi poligonlari hududida ekosanoat zonalari tashkil etilishi haqida xabar bergan edi.