AQSh 4-iyundan poʻlat va alyuminiy importiga 50 foizlik boj joriy etadi

AQShga po‘lat va alyuminiy importi uchun 50 foizga oshirilgan bojxona to‘lovlari 4-iyundan boshlab kuchga kiradi. Bu haqda prezident Donald Tramp Truth Social platformasidagi sahifasida ma’lum qildi.
Avvalroq Tramp Pensilvaniya shtatidagi chiqishida bu chora haqida ochiq bayonot bergan edi. Uning soʻzlariga koʻra, bu qaror xorijdan kirib kelayotgan poʻlat va alyuminiy oqimini cheklash, shuningdek, AQSh sanoatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan.
«Biz 4-iyundan boshlab poʻlat va alyuminiy importiga nisbatan bojlarni 25 foizdan 50 foizga oshiramiz», – dedi Tramp oʻz nutqida.
Mazkur qaror ortidan huquqiy tortishuvlar ham yuzaga keldi. 28-may kuni AQSh Federal Savdo sudi Trampning prezidentlik vakolatlaridan ortiqcha foydalanayotganini ta’kidlab, uning bojxona toʻlovlari haqidagi qarorini vaqtincha toʻxtatdi. Biroq ertasi kuni Apellyatsiya sudi bu qarorni bekor qildi va bojlarning oshirilishini yoʻlga qoʻyishga ruxsat berdi.
Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levittning taʼkidlashicha, mazkur masala endilikda AQSh Oliy sudiga oshiriladi. Ma’muriyat ushbu boj siyosatini himoya qilishga qat’iy bel bogʻlagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh prezidenti Donald Tramp poʻlat va alyuminiyning barcha importiga 25 foizlik bojlar joriy qilgani haqida xabar bergan edi.