
«PSJ» klubi o‘z tarixida ilk bor UEFA Chempionlar ligasi g‘olibiga aylandi. Mavsumning hal qiluvchi uchrashuvi 31-may kuni Myunxenda bo‘lib o‘tdi va unda parijliklar Italiyaning «Inter» jamoasini yirik – 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Bahsning 12-daqiqasidayoq marokashlik himoyachi Ashraf Hakimi hisobni ochdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Due 20-daqiqada ikkinchi golni urdi va 63-daqiqada uning o‘zi yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qilib, dubl muallifiga aylandi.
O‘yinning 73-daqiqasida jamoaning navbatdagi goli Xvicha Kvaratsxeliya tomonidan kiritildi. Yakuniy hisobni 86-daqiqada Mayulu o‘rnatdi.
Shu tariqa «PSJ» birinchi marta Yevropa Chempionlar ligasi sovrinini qo‘lga kiritdi. «Inter» esa so‘nggi uch yilda ikkinchi bor finalda imkoniyatni boy berdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Inter» qo‘shimcha daqiqalarda «Barselona»ni dog‘da qoldirgani haqida xabar bergan edi.