Sport

Eldor Shomurodov AQSh MLS’ga yo‘l oladimi

Qiziqish bildirgan MLS klubi nomi oshkor qilinmagan
Eldor Shomurodov
Eldor Shomurodov AQSH MLS’ga yo‘l oladimi. Foto: m.iacobucci.tiscali.it / depositphotos.com

O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov AQShning MLS (Major league soccer) ligasiga yo‘l olishi mumkin. Bu haqda Fransiyaning L’Équipe nashri xabar berdi.

29 yoshli futbolchiga ayni paytda nomi oshkor qilinmagan MLS klubi qiziqish bildirmoqda. Shomurodovning «Roma» bilan amaldagi shartnomasi 2026-yil yozigacha davom etsa-da, klub uni sotishga tayyor.

O‘tgan mavsumda Eldor «Roma» safida 37 o‘yinning barchasida maydonga tushdi. Natijada 7 ta gol va 5 ta golli uzatma bilan ishtirok etdi. Uning Transfermarkt portali bo‘yicha bozor qiymati hozirda 4 million yevroni tashkil qilmoqda.

Ma’lumot uchun, Shomurodov 2020-yil kuzida «Rostov»dan A seriya vakili «Jenoa» klubiga transfer qilindi. Shu tariqa Eldor Italiya A Seriyasida toʻp tepgan ikkinchi oʻzbekistonlik oʻyinchiga aylandi.

Futbolchi 2021-yil yozida 17,5 mln yevro evaziga Italiyaning grant klublaridan biri Rimning «Roma»siga koʻchib oʻtdi.

2024/25-yilgi mavsumda «Roma» A seriyada beshinchi oʻrinni egalladi, Eldor esa mavsum davomida barcha musobaqalarda yettita gol va beshta golli uzatmani amalga oshirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Angliyaning «Vulverxempton» klubi bosh murabbiyi Vitor Pereyra muallifligidagi yozgi transfer maqsadlari ro‘yxati tarmoqda paydo bo‘lgani haqida yozgandi.

Unga ko‘ra, klub bir nechta iqtidorli futbolchilarni nazardan o‘tkazmoqda. Ularning orasida O‘zbekiston terma jamoasi va Rossiyaning SSKA klubi vingeri Abbosbek Fayzullayev ham bor.

Yosh hujumkor futbolchi «bo‘rilar» skautlarini qiziqtirgan nomzodlardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Ro‘yxatda, shuningdek, «Spartak» hujumchisi Manfred Ugalde, «Dinamo» (Mahachqal’a) yarim himoyachisi Muhammad Javad Husaynnejod va «Zenit»ga tegishli himoyachi Renan ham mavjud.