Yangiliklar

Malayziyada Telegram vaqtincha bloklandi

Ayrim kanallarda joylashtirilgan kontent mamlakatning aloqa va multimedia to‘g‘risidagi qonunlarini buzgan
Malayziyada Telegram vaqtincha bloklandi. Foto: diy13@ya.ru / depositphotos.com

Malayziya Oliy sudi mamlakatdagi Telegram messenjeri faoliyatini vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida qaror chiqardi. Bu haqda Malayziya Aloqa va multimedia komissiyasi xabar berdi.

Bu qaror Malayziya Aloqa va multimedia komissiyasi (MAMK) tomonidan kiritilgan da’vo asosida qabul qilindi. Regulyator vakillarining ta’kidlashicha, ayrim kanallarda joylashtirilgan kontent mamlakatning aloqa va multimedia to‘g‘risidagi qonunlarini buzgan.

Aniqlanishicha, Edisi Siasat va Edisi Khas nomli ikki Telegram kanali MAMK e’tiroziga sabab bo‘lgan. Regulyator bu kanallarda joylashtirilgan materiallar davlat institutlariga nisbatan ishonchni susaytirishi va jamiyatda notinchlikka sabab bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Komissiya, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar o‘z platformalarida joylashtiriladigan kontent uchun mas’ul ekanini ta’kidladi.

Bu holat Telegram’ga qarshi Malayziyada birinchi marotaba ko‘rilayotgan sud ishi hisoblanadi. Regulyator mazkur platformani «ilovalar xizmati» sifatida litsenziyalangan bo‘lishiga qaramasdan, sudga murojaat qilganini ma’lum qildi.

Aprel oyida Pavel Durov Telegram 12 yil davomida hech qachon shaxsiy xabarlarni oshkor qilmaganini aytgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Telegram faqat jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarning IP manzillari va telefon raqamlarini taqdim etishga tayyor. Biroq bu faqat sud qarori mavjud bo‘lsa va xabarlarning mazmuni uzatilmasa sodir bo‘ladi.

May oyida Vyetnamda ham Telegram messenjeri bloklangandi. Vyetnam Texnologiya vazirligi telekommunikatsiya provayderlariga Telegram messenjeridan jinoyatlarga oid xabar almashish holatlarida hamkorlik qilmaganliklari sababli uni bloklashni buyurgandi.

Unga ko‘ra, politsiya mamlakatdagi 9600 Telegram kanali va guruhining 68 foizi qonunni buzayotgani haqida xabar bergan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Telegram’da Grok sun’iy intellektli chatboti ishga tushirilgani haqida yozgandi.