Banklar va moliya

Markaziy bankda ish: yangi FinTech bo‘limi ochildi

5 ta lavozim bo‘yicha
Foto: Markaziy bank Facebook sahifasi

Markaziy bank yangi tashkil etilayotgan FinTech tarkibiy bo‘linmasiga bir nechta lavozimlarda tanlov e’lon qildi. Bu haqda regulyator xabar berdi.

Unga ko‘ra quyidagi lavozimlarda vakansiyalarga qabul ochiq:

  • departament rahbari (FinTech boʻyicha bosh direktor);
  • FinTech siyosatini shakllantirish boʻyicha boshqarma boshligʻi;
  • FinTech infratuzilmaviy yechimlari boʻyicha boshqarma boshligʻi;
  • FinTech ekotizimini rivojlantirish boʻyicha boshqarma boshligʻi;
  • FinTech sohasidagi tadqiqotlar va investitsiyalar boʻyicha boshqarma boshligʻi.

Nomzodlar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi, moliya, iqtisodiyot, axborot texnologiyalari (IT) yoki muhandislik sohalari bo‘yicha oliy (magistr yoki undan yuqori) ma’lumotga ega bo‘lishi shart.

FinTech, raqamli yechimlar yoki moliyaviy tashkilotlarda IT sohasida kamida 10 yillik tajriba talab etiladi. Shu jumladan rahbar lavozimlarda kamida 5 yil ishlagan bo‘lishi kerak. O‘zbekiston va xalqaro FinTech bozorini yaxshi bilishi ustunlik beradi.

Qoʻshimcha ravishda FinTech sohasidagi xalqaro sertifikatlar mavjudligi, Big Data dasturlari bilan ishlash qobiliyati hamda ingliz tilini «B2» va undan yuqori darajada bilishi inobatga olinadi.

Ma’lumotlarni @cbucv_fintech Telegram manziliga yuborish kerak.

Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonliklar uchun ish tanlashda asosiy omillar nimaligi haqida yozgandi.

Unga ko‘ra, 46 foiz ishtirokchi uchun qiziqarli vazifalar va rivojlanish imkoniyati, 43 foiz uchun esa jamoa va ish muhiti muhim omil hisoblanadi.

Shu bilan birga, 12 foiz respondent o‘z ishidan umuman zavq olmayotganini bildirgan. Ishdan norozilikka asosiy sabab past maosh bo‘lib, bu 50 foiz ishtirokchi tomonidan ko‘rsatilgan.