
Germaniya Federal tashqi ishlar vazirligi 2025-yil 1-iyuldan boshlab dunyo bo‘ylab viza arizalarining rad etilishi ustidan apellyatsiya berish tartibini bekor qiladi. Bu haqda mamlakatning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi.
Bu orqali ilgari ixtiyoriy ravishda taqdim etilgan, qonunchilikda belgilab qo‘yilmagan huquqiy vosita tugatiladi.
Qaror 2023-yildan buyon sinov tariqasida bir nechta viza idoralarida amalga oshirilgan pilot loyiha natijalariga asoslangan. Natijalarga ko‘ra, apellyatsiya tartibining yo‘qligi viza arizalarini ko‘rib chiqish samaradorligini oshirib, kutish muddatini qisqartirishga yordam bergan.
Elchixonaning ta’kidlashicha, bu o‘zgarish barcha arizachilar uchun foyda keltiradi. Shu bilan birga, qonuniy sudga murojaat qilish huquqi saqlanib qoladi. Viza rad etilgan taqdirda esa arizachilar istalgan vaqtda yangi ariza topshirishlari mumkin.
Shuningdek, 2025-yil 1-yanvardan boshlab malakali mutaxassislar, talabalar va oila a’zolari uchun milliy vizalar raqamli shaklda, konsullik xizmatlari portali orqali topshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh talaba vizalarini qayta tiklagani haqida xabar bergan edik.