Yangiliklar

Toshkent aeroportida «Qo‘noq» kapsula mehmonxonasi ishga tushdi

Mini-mehmonxonada jami 6 ta kapsula mavjud
Toshkent xalqaro aeroportida «Qo‘noq» kapsula mehmonxonasi ishga tushdi. Foto: Uzbekistan Airports

Toshkent xalqaro aeroportida «Qo‘noq» brendi ostida yangi kapsula mehmonxonasi ochildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

Foto: Uzbekistan Airports

U jo‘nash terminalining ro‘yxatdan o‘tish zalida, ya’ni steril bo‘lmagan hududda joylashgan. Mini-mehmonxonada jami 6 ta kapsula mavjud bo‘lib, ularning to‘rttasi standart bir kishilik, ikkitasi esa oilaviy (ikki kishilik) kapsulalardir.

Foto: Uzbekistan Airports

Har bir kapsula shaxsiy yopiq zonani tashkil qiladi va zamonaviy qulayliklar bilan ta’minlangan. Ortopedik matras, choyshablar, shamollatish va yoritish tizimi, elektr rozetkalar, USB zaryadlash portlari, shaxsiy seyf, oyna, soatli ekran va kiyim ilgichi mavjud.

Foto: Uzbekistan Airports

Narxlar bir kishilik kapsulalar uchun quyidagicha:

  • 4 soatgacha – 400 ming so‘m;
  • 6 soatgacha – 600 ming so‘m;
  • 8 soatgacha – 800 ming so‘m.

Ikki kishilik kapsulalar:

  • 4 soatgacha – 600 ming so‘m;
  • 6 soatgacha – 800 ming so‘m;
  • 10 soatgacha – 1 million so‘m;

Shuningdek, Toshkent aeroportining jo‘nash terminalidagi steril hududda ham «Qo‘noq» brendi ostida mehmonxona faoliyati yuritilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent aeroportidagi uchib kelish zalining yangilangan o‘ng qismi foydalanishga topshirilgani haqida yozgandi.

Zalning umumiy maydoni kengaytirilib, avtotransport va avtobuslar uchun yangi yo‘lak qurildi, 120 o‘rinli avtoturargoh tashkil qilindi va yashil hudud barpo etildi.

Shuningdek, may oyida aeroportda kitob va muzqaymoq do‘konlarini ochish uchun auksion e‘lon qilingandi.