Yangiliklar

«Humo» xokkeychilari kechikkan maosh sabab prezidentga murojaat qildi

Klub xokkeychilarga to‘rt oy uchun maosh to‘lamagan
«Humo»ning belaruslik hujumchisi Mirziyoyevga yozgan maktubi orqali maosh muammosini hal qildi / Foto: «Humo»

Toshkentning «Humo» xokkey jamoasida o‘ynayotgan belaruslik hujumchi Danila Karaban «Na Banke | Xokkey» studiyasida bergan intervyusida aytishicha, Shavkat Mirziyoyevga jamoaviy yo‘llagan murojaat natija bergan – klub ish haqi bo‘yicha qarzlarning bir qismini to‘lagan.

КАРАБАНЬ: Динамо и сборная, проблемы с Дуаером, этап в чемпионате Казахстана | На Банке ХК #40

«Humo» xokkeychilari 2025-yilning yanvardan apreligacha to‘rt oy davomida maosh olmagan, bunga qadar esa o‘tgan mavsumning sentabr oyi uchun to‘lov bir oy kechikib berilgan. 2025-yil may oyida jamoa prezident nomiga jamoaviy maktub yo‘llab, choralar ko‘rishni va ish haqlarining kafolatli to‘lanishini so‘ragan.

Danila Karabaning aytishicha, prezidentga murojaatdan so‘ng klub yanvar va fevral oylari uchun maoshlarini to‘lagan, ammo mart-aprel oylari uchun hali ham to‘lanmagan.

«Shuni aytishim mumkinki, bu natija bera boshladi. Bizga ikki oy – yanvar va fevral uchun maosh berildi, ammo mart-aprel uchun hanuz qarzdorlik bor», – dedi u.

Avvalgi holatlarda ham jamoa maoshlarini juda kech olgan. Yangi mavsumdagi birinchi to‘lovni deyarli uch oy kutishga to‘g‘ri kelgan va faqat 10-sentabr kuni olganlar.

Ma’lumot uchun, «Humo» tarkibida ko‘plab legionerlar – belaruslar, rossiyaliklar va qozoqlar bor. Jamoa Qozog‘iston chempionatida ishtirok etib, o‘tgan mavsumda pley-off bosqichining yarim finaligacha yetib borgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Humo» yarim finalda «Torpedo»ga mag‘lub bo‘lgan edi.