Yangiliklar

Nvidia aksiyalari narxi bir kunda qariyb 155 dollarga yetdi

Kompaniyaning bozor qiymati $3,76 trillion deb baholandi
Foto: MichaelVi/Depositphotos

25-iyun kuni Nvidia’ning har bir aksiya uchun narx $154,45 ga yetib bordi. Bu natija dunyodagi eng qimmat jamoat kompaniyasi bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda RBK nashri xabar berdi.

Savdolar yakuniga ko‘ra, aksiyalar $154,31 ni tashkil etdi va kun davomida 4,3 foizga oshdi. 26-iyun ertalabki premarketda kotirovkalar yana 1,02 foizga o‘sib, $155,88 ga yetdi.

Kompaniyaning bozor qiymati $3,76 trillion deb baholandi. Bu ko‘rsatkich Microsoft’ning $3,66 trillionlik kapitalizatsiyasidan yuqori bo‘lib, Nvidia iyun oyida ikkinchi bor kapitalizatsiya bo‘yicha dunyo yetakchisiga aylandi.

Yangi prognozlarga ko‘ra, Nvidia bozor qiymati $4,9 trillionga yetishi mumkin. Bernstein Research va boshqa yetakchi tahlil markazlari Nvidia va boshqa chip ishlab chiqaruvchilarning aksiyalariga AI texnologiyalariga bo‘lgan yuqori talab uzoq muddatli yordam bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Nvidia’ning ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyaning moliyaviy yilning birinchi choragidagi tuzatilgan yalpi foyda marjasi 61 foizni tashkil etgan. Yil oxirigacha yangi Blackwell Ultra chiplarining chiqarilishi va yetkazib berish hajmining oshishi kompaniyaning foydasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nvidia eng arzon Blackwell grafik kartasini taqdim etgani haqida yozgandi.