
1-iyuldan boshlab «Mashinasozlar metrosi – Chorbog‘ (Xumson qo‘rg‘oni)» yo‘nalishi bo‘yicha avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda «Toshavtobustrans» matbuot xizmati xabar berdi.
Yo‘nalishda MAN RR3 rusumli zamonaviy, konditsionerli va 47 o‘rinli turistik avtobuslar xizmat ko‘rsatadi. Bir tomonlama yo‘l kira narxi 25 ming so‘m etib belgilangan.
Harakatlar har kuni ertalab soat 6:00 da «Mashinasozlar» metrosidan boshlanadi. Qatnovlar har 1,5 soatda amalga oshiriladi. Oxirgi avtobus Chorbog‘dan soat 20:30 da yo‘lga chiqadi. So‘nggi manzil esa soat 22:00 da Mashinasozlar metrosi bo‘ladi.
Avtobuslar Mashinasozlar metrosidan Maxtumquli ko‘chasi, Yangi O‘zbekiston bog‘i, Xojikent va Chinorkent hududlari orqali Xumson qo‘rg‘onigacha harakat qiladi. Yo‘lovchilar yo‘l haqini naqd yoki bank kartasi orqali to‘lashi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdan Issiq-ko‘lga avtobus qatnovlari boshlangani haqida yozgandi.
Avtobus har kuni soat 15:00 da Toshkent avtovokzalidan yo‘lga chiqadi. Yo‘lovchilar 300 ming so‘m evaziga Cho‘lpon-otagacha yetib borishlari mumkin.
Chipta xaridi uchun avtoticket.uz sayti hamda ATTO va UzBus mobil ilovalaridan foydalanish mumkin.
Shuningdek, Toshkent shahridagi 11 ta avtobus yo‘nalishi vaqtincha o‘zgartirildi.
- 95, 110 va 128-sonli avtobus yo‘nalishlari harakati Ohangaron shohko‘chasidagi qo‘shimcha mahalliy yo‘l orqali amalga oshiriladi.
- 18, 30, 44, 49, 119 va 129-sonli avtobus yo‘nalishlari harakati Qorasuv, Aviasozlar va Beshariq ko‘chalari orqali o‘zgartiriladi.
- 97-sonli avtobus yo‘nalishi: Toshkent vokzalidan Yunusobod dehqon bozoriga borishda Amir Temur va Bog‘ishamol kesishmasigacha harakatlanadi. U yerdan ortga qayrilib, belgilangan yo‘nalishi bo‘yicha harakatni davom ettiradi.
- 157-sonli avtobus yo‘nalishi: Paxtakor metro bekatidan Yunusobod 19-dahaga borishda Amir Temur va Bog‘ishamol kesishmasigacha yetib boradi.