
Maydan-Vardak va Logar viloyatlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik va toshqinlar oqibatida kamida 4 kishi, jumladan, 3 nafar bola halok bo‘ldi, 4 kishi jarohat oldi. Mahalliy hokimiyat vakillarining ma’lum qilishicha, yuzlab oilalar xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan. Bu haqda Tolo news nashri ma’lum qildi.
Maydon Vardak tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi rahbari Fayzulloh Jaloliyning so‘zlariga ko‘ra, Nirx tumanida bir kishi halok bo‘lgan, yo‘llar to‘silib qolgan, 100 ga yaqin chorva nobud bo‘lgan. Logarda esa Tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi boshlig‘i Nurulloh Mahmud 2 ming oilaga oziq-ovqat tarqatilgani, hozirda yana 126 ta oilaga yordam ko‘rsatilayotganini bildirdi.
Jabrlangan aholi vakillari gumanitar tashkilotlardan chodir, oziq-ovqat va boshqa zarur buyumlar bilan shoshilinch yordam so‘ramoqda. Ularning aytishicha, toshqin daladagi bug‘doy va sabzavot ekinlarini ham butunlay oqizib ketgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, suv toshqinlari 16 ming jeribdan ortiq qishloq xo‘jaligi yerlariga zarar yetkazgan va 270 ga yaqin uylar vayron bo‘lgan. Hozirda asosiy yo‘llarni tiklash, aholiga yordam ko‘rsatish ishlari davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatda kuchli shamol va sel toshqinlari kutilayotgani haqida xabar bergan edi.