Yangiliklar

Qozog‘iston Musulmonlari diniy boshqarmasi GTA va Counter-Strike o‘yinlarini harom deb e’lon qildi

Taqiqlangan o‘yinlar qatorida Dota ham bor
Qozog‘iston Musulmonlari diniy boshqarmasi GTA va Counter-Strike o‘yinlarini harom deb e’lon qildi / Foto: GTA

Qozog‘iston Musulmonlari diniy boshqarmasi mashhur kompyuter o‘yinlari – Grand Theft Auto (GTA), Dota 2 va Counter-Strike 2 islom nuqtai nazaridan harom ekanini ma’lum qildi.

Kursiv.kz xabariga ko‘ra, Diniy boshqarma bu o‘yinlarda zo‘ravonlik sahnalari, axloqsizlik targ‘iboti, qimor elementlari va diniy qadriyatlarga hurmatsizlik mavjudligini qayd etdi. Shuning uchun ular shariatga zid va musulmonlar ma’naviy hamda axloqiy kamolotiga zarar yetkazadi, degan xulosaga keldi.

Ushbu fikrlar tavsiya xarakteriga ega bo‘lib, huquqiy kuchga ega emas. Shunga qaramay boshqarma musulmonlarga bunday o‘yinlardan tiyilib, buning o‘rniga zararli kontentdan xoli, ilmiy va mantiqiy fikrlashni rivojlantiradigan dasturlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.

Boshqarmaning izohiga ko‘ra, islomda faqat quyidagi talablarga javob beradigan o‘yinlarga ruxsat etiladi: ular bilim beradi, tafakkurni rivojlantiradi, zo‘ravonlik, odobsizlik va tajovuzni o‘z ichiga olmaydi, shariat talablariga zid kelmaydi va dinga xalal bermaydi.

Tafsirda Qur’oni Karimning «Ey, iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz», – Moida surasi, 90-oyati ham keltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Musulmonlar idorasi ChatGPT diniy savollarga javob berishga ojizlik qilishini ma’lum qilgan edi.