
«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» va «Shahar atrofida yo‘lovchi tashish» MChJ tomonidan yo‘lovchilardan chiptalar orqali ortiqcha vositachilik yig‘imi undirilgani aniqlandi. Bu holat Raqobat qo‘mitasi tomonidan bartaraf etildi.
Unga ko‘ra, qo‘mita huzuridagi Maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida jami 792 186 nafar iste’molchidan ortiqcha to‘lov undirib olingani ma’lum bo‘ldi.
Qo‘mita bu ikki kompaniyaga ortiqcha olingan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish, qonunbuzarliklarni bartaraf etish va kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
Biroq mazkur tashkilotlar qo‘mita qaroridan norozi bo‘lib, sudga murojaat qilgan. Sud instansiyalari esa qo‘mita qarorini o‘z kuchida qoldirib, har ikkala tashkilotning arizalarini rad etdi. Endilikda korxonalar nafaqat ortiqcha olingan mablag‘larni qaytarishi, balki moliyaviy jarima ham to‘lashi belgilandi.
Avvalroq «Kursiv» nashri «O‘zbekiston temir yo‘llari» poyezdlar harakatiga cheklov qo‘yilishiga izoh bergani haqida yozgandi.