
2025-yil 10-iyuldan boshlab O‘zbekistonda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun arizalar qabul qilinadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Fuqarolar arizalarni davlat xizmatlari markazlari orqali yoki my.gov.uz portali orqali elektron shaklda topshirishlari mumkin. Ariza topshirishda kamida 30 ball to‘plash talab etiladi. Ballar ariza beruvchining ijtimoiy holati va boshqa mezonlarga asoslangan holda hisoblanadi.
Daromad bo‘yicha ham aniq cheklovlar mavjud. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar uchun o‘rtacha daromad MHTEKMning 2,7 baravaridan 8 baravarigacha, Toshkent shahrida esa 2,7 baravaridan 9,2 baravarigacha bo‘lishi lozim. Bunda ariza beruvchi va yaqin qarindoshlarining rasmiy daromadlari hisobga olinadi.
Shuningdek, subsidiya olish uchun ariza topshirgan shaxs va uning turmush o‘rtog‘i nomida butun respublika bo‘yicha hech qanday turarjoy bo‘lmasligi shart. Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar esa alohida tartibda baholanadi va ular uchun qo‘shimcha imtiyozlar mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq nogironlar bandligini ta’minlagan tadbirkorlarga subsidiya ajratilishi haqida yozgan edik.