JSST zararli mahsulotlarga soliqlarni oshirishni taklif qildi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Ayni vaqtda 140 ga yaqin davlatda tamaki mahsulotlariga soliq stavkalari ko‘tarilgan
Rasm: Sora sun’iy intellekt yordamida yaratilgan

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mamlakatlarga tamaki, alkogol va shakarli ichimliklar narxini kamida 50 foizga oshirishni tavsiya qildi.

Bu sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash va surunkali kasalliklar oqibatidagi o‘lim holatlarini kamaytirishga qaratilgan «3 ga 35» tashabbusining asosiy maqsadi bo‘lib, 2025-yilgacha amalga oshirilishi mo‘ljallangan.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, yurak-qon tomir, saraton, diabet kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar global o‘lim holatlarining 75 foizidan ortig‘iga sabab bo‘lmoqda. Bu kasalliklarning tarqalishida zararli oziq-ovqat mahsulotlari, tamaki va alkogol mahsulotlari asosiy omil sifatida qayd etilmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday mahsulotlarning narxini 50 foizga oshirish 50 yil ichida 50 million kishining bevaqt o‘limining oldini oladi. Shu bilan birga, ushbu tashabbus global miqyosda sog‘liqni saqlash va rivojlanishga mo‘ljallangan $1 trillion miqdorida budjet tushumlarini ta’minlashi mumkin.

JSST rasmiylarining aytishicha, sog‘liqni saqlash maqsadlaridagi soliqlar eng samarali choralar sirasiga kiradi. Bu zararli mahsulotlar iste’molini kamaytirish bilan birga, davlatga sog‘liqni saqlash, ta’lim va ijtimoiy himoya kabi muhim sohalarga qo‘shimcha investitsiya kiritish imkonini beradi.

Ayni vaqtda 140 ga yaqin davlatda tamaki mahsulotlariga soliq stavkalari ko‘tarilgan, ammo ko‘plab mamlakatlarda bu sohadagi ishlab chiqaruvchilar turli imtiyozlarga ega bo‘lib qolmoqda. JSST bunday soliq imtiyozlarini bekor qilish va milliy siyosatda sog‘liqni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilashni tavsiya qilmoqda.

«3 ga 35» tashabbusi JSST va uning xalqaro hamkorlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Bu tashabbus mamlakatlarga texnik yordam, siyosiy maslahatlar va amaliy tajriba almashinuvi orqali zararli mahsulotlar solig‘ini joriy etishda yordam berishni nazarda tutadi.

Tashabbusning asosiy yo‘nalishlari quyidagilar: zararli mahsulotlar narxini oshirish orqali iste’molni kamaytirish, sog‘liqni saqlashga byudjet tushumlarini ko‘paytirish va tarmoqlararo hamkorlikni kuchaytirish.

JSST mamlakatlarni va fuqarolik jamiyatini bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga, sog‘liqni saqlash va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda qat’iy harakat qilishga chaqirmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoy JSSTga 500 million dollar ajratishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek