O‘zbekiston yil boshidan buyon eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘ldi

Yil boshidan buyon O‘zbekiston jami 27 tonna oltin sotib, yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. Bu haqda Xalqaro oltin kengashi ma’lumotlarida keltirib o‘tildi.
2025-yilning may oyida global markaziy banklar sof hisobda 20 tonna oltin xarid qilgan. Bu so‘nggi 12 oylik o‘rtacha ko‘rsatkich bo‘lgan 27 tonnadan biroz kamdir. Yaqin Sharqdagi geosiyosiy tangliklar markaziy banklar uchun oltinning strategik ahamiyatini yana bir bor tasdiqladi.
Jahon oltin kengashi tomonidan yaqinda e’lon qilingan 2025-yilgi Markaziy banklar oltin zaxiralari bo‘yicha so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 95 foizi rasmiy oltin zaxiralari ortishda davom etishiga ishonmoqda (o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 81% edi). Hattoki 43% markaziy bank vakillari yaqin 12 oy ichida o‘z oltin zaxiralari oshishini ma’lum qilgan — bu rekord ko‘rsatkichdir.
May oyida eng yirik xaridor — Qozog‘iston
May oyida oltin zaxirasida 1 tonnadan ortiq o‘zgarish kuzatilgan markaziy banklar:
- Qozog‘iston Milliy banki — 7 tonna oltin qo‘shildi (yil boshidan beri 15 tonnaga oshdi, umumiy zaxira 299 tonnaga yetdi);
- Turkiya Markaziy banki — 6 tonna (yillik jami 15 tonna);
- Polsha Markaziy banki — 6 tonna (2025-yilning eng yirik xaridori bo‘lib, yil boshidan beri 67 tonna xarid qilgan);
- Xitoy Xalq banki va Chexiya Markaziy banki — har biri 2 tonnadan;
- 1 tonnadan qo‘shganlar: Qirg‘iziston, Kambodja, Filippin va Gana markaziy banklari.
O‘zbekiston 2025-yilning eng yirik oltin sotuvchisi bo‘lib qolmoqda
May oyida oltin sotgan yetakchi markaziy banklar:
- Singapur Monetar boshqarmasi — 5 tonna;
- O‘zbekiston Markaziy banki — 1 tonna;
- Germaniya (Deutsche Bundesbank) — 1 tonna.
Shunday qilib, 2025-yil boshidan beri O‘zbekiston eng ko‘p oltin sotgan davlat bo‘lib qolmoqda — jami 27 tonna. Undan keyingi o‘rinda Singapur turibdi (10 tonna).
Avvalroq «Kursiv» nashri Oʻzbekiston Markaziy banki fevral oyida eng koʻp oltin sotuvchiga aylangani haqida yozgandi.