Yangiliklar

Botir Qodirov 100 mln so‘mdan ortiq jarimaga tortildi

Shamsiddin Sadoiyning uchta she’ridan ruxsatsiz foydalangani uchun
Botir Qodirov
Foto: Botir Qodirov Instagram sahifasi

Xonanda Botir Qodirov shoir Shamsiddin Sadoiy (To‘rayev) mualliflik huquqini buzganligi uchun sud qarori bilan 132 million so‘m miqdorida tovon va ma’naviy zarar to‘lashi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Iyun oyida Shamsiddin To‘rayev tomonidan Uchtepa tumanlararo fuqarolik sudiga mualliflik huquqlarining buzilishi yuzasidan da’vo arizasi kiritilgan. Sud arizasida «Davlating borida», «Omonat» va «Tingla do‘stim» nomli she’rlar muallifining roziligisiz foydalanilgani va bu bilan unga ma’naviy zarar yetkazilgani qayd etilgan.

Sud ishini ko‘rib chiqib, xonanda Botir Qodirovdan bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 300 barobari – 112,5 million so‘m miqdorida tovon va qo‘shimcha 20 million so‘m ma’naviy zarar undirishga qaror chiqardi.

Bundan tashqari, Qodirovga shoirning muallifligidagi qo‘shiqlarni efirga uzatish, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa platformalarda tarqatishni to‘xtatish majburiyati yuklandi.

Ma’lumot uchun, qonunchilikka ko‘ra, muallif o‘z huquqlari buzilganda zarar o‘rniga BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha tovon talab qilish huquqiga ega.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Sevimli» telekanali mualliflik huquqini buzganligi uchun jarimaga tortilgani haqida yozgandi.