Yangiliklar

O‘zbekistonda pullik yo‘llar bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi

Yo‘llarni loyihalashtirishda aholi fikri inobatga olinishi belgilandi
Poytaxtdagi ichki yo‘llar
Foto: Uzavtoyul

8-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.

Yangi hujjat avtomobil yo‘llarini rejalashtirish, loyihalash, qurish va ulardan foydalanish tartiblarini tubdan yangilashni nazarda tutadi.

Qonun loyihasi 7 bob va 47 moddadan iborat bo‘lib, pullik avtomobil yo‘llari, xususiy hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, yo‘l infratuzilmasini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish kabi muhim yo‘nalishlarda aniq huquqiy asoslarni yaratadi.

Eng muhim jihatlardan biri – yo‘llarni loyihalashtirishda aholi fikri va atrof-muhitga ta’sir omillari endi qonuniy darajada hisobga olinishi shart bo‘ladi. Deputatlar bu orqali yo‘llar sifati, ularning ekologik xavfsizligi va insonlar hayotidagi qulaylik darajasini oshirishga erishishni maqsad qilgan.

Shuningdek, yo‘l bo‘yidagi kommunikatsiya tarmoqlari qurilishi natijasida zarar yetgan qoplamani tiklash xarajatlari endi quruvchi tashkilotlar tomonidan qoplanishi ko‘zda tutilmoqda. Katta hajmli yuk avtomobillari harakatini tartibga solish, yo‘l bo‘yida xizmat ko‘rsatish maskanlarini joylashtirishga oid normalar ham aniq belgilanadi.

Pullik yo‘llar bo‘yicha esa yangi tizim joriy qilinadi. Bunday yo‘llar faqatgina muqobil bepul yo‘l mavjud bo‘lsa barpo etilishi mumkin. Qonun loyihasida davlat-xususiy sheriklik asosida sarmoyadorlarga imtiyozlar taqdim etish orqali davlat budjeti yukini kamaytirish maqsad qilingan.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistondagi pullik yo‘llar haqida yozgandi.