Tramp global importga 15–20% yangi boj tariflarini joriy qilishni rejalashtirmoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp NBC News telekanaliga bergan telefon intervyusida Rossiyaga nisbatan salbiy munosabat bildirib, 14-iyul kuni unga oid muhim bayonot bilan chiqishini e’lon qildi.
Shu bilan birga, u boj tariflarining oshirilishi, Ukrainaga qurol yetkazib berish sxemasi va ichki siyosiy islohotlar haqida ham fikr bildirdi.
«Rossiyadan hafsalam pir bo‘lgan. Ammo oldinda nima bo‘lishini ko‘ramiz. Dushanba kuni Rossiya bo‘yicha katta bayonot beraman», — dedi Tramp.
Ukrainaga qurol-yarog‘: NATO to‘laydi, AQSh yetkazadi
Prezident Tramp Ukrainaga qurol yetkazib berish bo‘yicha yangi sxema haqida ham ma’lumot berdi. Uning aytishicha, AQSh qurollarni NATO’ga yuboradi, alyans esa ularni Ukrainaga yetkazib beradi va barcha xarajatlarni o‘zi qoplaydi.
«Bu kelishuv NATO sammitida erishilgan. Biz qurollarni NATO’ga beramiz, ular esa xarajatni 100 foiz qoplaydi,» — dedi u.
Bu model AQShni moliyaviy yukdan ozod qilish maqsadida ishlab chiqilgan.
Tramp: «Hammani boj kutmoqda» — yangi tariflar e’lon qilinishi
Tramp deyarli barcha savdo hamkorlariga 15–20 foizlik yangi boj tariflari joriy qilinishini ma’lum qildi. Bu haqda u shunday dedi:
«Qolgan barcha davlatlar 15 yoki 20 foiz to‘laydi. Bu masalani hozir hal qilamiz».
Ayni paytda umumiy boj stavkasi 10 foizni tashkil etadi. U S&P 500 fond bozori rekord darajada ko‘tarilganini aytib, bu siyosat ijobiy baholanayotganini ta’kidladi. Garchi bahor oyida Trampning global tariflar e’lon qilishi ortidan fond bozori 20 foizga tushgandi.
Hasbro o‘yinchoqlari va inflyatsiya haqida
Hasbro kompaniyasi rahbari bojlar sabab o‘yinchoqlar narxi oshishini bildirgan bo‘lsa-da, Tramp bu xavotirni inkor etdi.
«Agar ular o‘yinchoqlarini AQShda ishlab chiqarsa, narxlar oshmasdi. Men Hasbro haqida hech narsa eshitmadim va ularning narxiga ahamiyat bermayman», — dedi prezident.
AQSh Mehnat statistikasi byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, inflyatsiya darajasi pasaygan bo‘lsa-da, hali ham 2,3 foizdan yuqoriligicha qolmoqda
Kanada va YIga tarif maktublari: 35% boj kutilmoqda
Tramp bu hafta 22 ta davlatga boj stavkalarini belgilovchi maktublar yuborganini ma’lum qildi. Kanada importiga 35% boj joriy qilinishi haqida allaqachon e’lon qilingan. Mis va Braziliyadan import qilinadigan mahsulotlarga esa 50 foizlik boj kuchga kiradi.
«Kanada va Yevropa Ittifoqiga ham maktublar yuboriladi. Ehtimol, bugun», — deya qo‘shimda qilgan u.
YI AQShning eng yirik savdo hamkori bo‘lib, o‘tgan yili $600 mlrd, Kanada esa $400 mlrdlik mahsulot eksport qilgan.
YI vakili Marosh Shefchovichga ko‘ra, bojlardan qutulish uchun kundalik muzokaralar olib borilmoqda.
Rossiyaga sanksiyalar
Shuningdek, Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni ham ko‘rib chiqayotganini bildirdi. Uning aytishicha, AQSh Senati qabul qilayotgan qonun loyihasida yakuniy ijro vakolati prezidentga topshirilgan:
«Bu qonun menga tanlov imkonini beradi. Agar istasam, uni kuchga kiritaman», — dedi Tramp.
Ichki siyosat: «Go‘zal qonun» qabul qilindi
Tramp yaqinda One Big Beautiful Bill (Bitta katta go‘zal qonun) nomli yirik siyosiy paketni imzoladi. Unda:
- 2017-yildagi soliq imtiyozlari uzaytirildi;
- ortiqcha ish haqi va choychaqaga soliq yengilliklari joriy qilindi;
- harbiy va chegara xavfsizligi uchun yangi mablag‘ ajratildi;
- Medicaid, oziq-ovqat yordami va ekologik dasturlar to‘xtatildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oq uy Trampning Supermen qiyofasidagi suratini e’lon qilgani haqida yozgandi.