
2025-yil 1-avgustdan boshlab Oʻzbekistonda chiqindi xizmatlari boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlgan abonentlar elektr energiyasi uchun toʻlovni amalga oshira olmaydi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yangi tartib prezident tomonidan 2025-yil 7-mart kuni imzolangan qonun asosida joriy etilmoqda. Hujjatga koʻra, agar abonentlar chiqindi xizmatlari uchun toʻlovni oʻz vaqtida amalga oshirmasa, ularning elektr energiyasi boʻyicha toʻlov imkoniyati vaqtincha cheklanadi.
Har oyning 3-sanasiga qadar «Toza makon» tizimidan qarzdorlik haqidagi ma’lumotlar «Hududiy elektr tarmoqlari» tizimiga avtomatik uzatiladi. 5-sanasigacha esa abonentlarga 2100 qisqa raqamidan SMS-ogohlantirish yuboriladi.
Ogohlantirish yuborilganidan soʻng qarzdorlikni bartaraf etish uchun 5 kunlik muddat beriladi. Agar qarzdorlik bu muddat ichida toʻlanmasa, abonentlar elektr energiyasi uchun toʻlov qila olmaydi. Mazkur cheklov qarzdorlik toʻliq qoplangach avtomatik tarzda bekor qilinadi.
Qoidalar 1-iyuldan keyin hosil boʻlgan yangi qarzdorliklarga taalluqli boʻlib, avvalgi qarzlar uchun qoʻllanilmaydi. Hisob-kitoblarning toʻgʻriligiga chiqindi xizmatlarini koʻrsatuvchi korxonalar javobgar sanaladi. Agar xizmatlar oʻz vaqtida koʻrsatilmagan boʻlsa, u holda koʻrsatilmagan kunlar uchun toʻlov qayta hisoblab chiqiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan chiqindi bilan bog‘liq eng ko‘p huquqbuzarlik Namanganda aniqlangani haqida xabar bergan edi.