Atyrau – Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

Qozog‘iston aviatashuvchisi FlyArystan kompaniyasi Atyrau – Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro aviareyslarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Aviakompaniyaning ma’lum qilishicha, Atyraudan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar tadbirkorlar, talabalar va sayyohlar orasida katta talabga ega.
«Toshkent — bu madaniy merosi, boy tarixiy arxitekturasi, bog‘lari va hordiq chiqarish maskanlari bilan ajralib turadigan shahar. U oilaviy sayohatlar uchun ham juda mos», — deyiladi bayonotda.
Mazkur yo‘nalishdagi qatnovlar 15-iyuldan boshlab Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladi. Rejslar haftasiga uch marta yo‘lga qo‘yiladi:
- Iyul–avgust oylarida – seshanba, payshanba va yakshanba kunlari;
- Sentabr–oktabr oylarida – dushanba, chorshanba va juma kunlari.
Shuningdek, kompaniya Atyraudan Toshkentga Astana orqali bir bog‘lanma reysni ham taklif etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoyning Guanchjou va Pekin shaharlaridan Toshkentga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.