O‘zbekistonda to‘y qilish qanchaga tushadi

«Yuksalish» umummilliy harakati 2025-yil 19-iyundan 3-iyulgacha «O‘zbekistonda to‘ylar» mavzuida onlayn so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda 1200 dan ortiq fuqarolar ishtirok etdi. Tadqiqot to‘y marosimlari bilan bog‘liq moliyaviy yuk, ijtimoiy bosim va jamiyatdagi kayfiyatni o‘rganishga qaratildi.
To‘y xarajatlari daromadlarga mos emas
So‘rov ishtirokchilarining aksariyati (81%) o‘z oila budjetini oyiga 5 – 12 million so‘m deb baholagan. Biroq to‘y xarajatlari 50 million so‘mdan oshgan hollar ko‘p uchramoqda – har uch respondentdan biri 70 – 100 million so‘mgacha pul sarflaganini bildirgan. Ayrimlar uchun bu bir necha yillik daromadga teng.
Respondentlarning 55 foizi to‘y xarajatlarini oilaviy yordam orqali, 25 foizi esa qarz olish evaziga qoplagan. Atigi 14% respondent daromadi yetarli ekanini aytgan.
Dabdabaga sabab nima: jamiyat bosimi va ota-onalar orzusi
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, to‘ylarda katta mablag‘ sarflashga ko‘pincha shaxsiy istak emas, balki tashqi bosim sabab bo‘lmoqda. Jumladan:
- 46% — jamiyat bosimi va elga to‘y berish majburiyati,
- 31% — yoshlarning orzusi,
- 29% — ota-onaning niyati,
- 16% — «quda tarafining talabi»ni asosiy omil deb ko‘rsatgan.
Respondentlarning qariyb yarmi jamiyatdagi bosim tufayli oilalar marosimlarni dabdabali qilib o‘tkazishga majbur bo‘layotganini tan olgan.
Ko‘pchilik kamtarona to‘y tarafdori, lekin…
So‘rov ishtirokchilarining deyarli 40 foizi kamtarona yoki yaqinlar davrasidagi to‘y tarafdori bo‘lsa, dabdabali to‘y tarafdorlari atigi 6 foizni tashkil qilgan. Ayni paytda respondentlarning 44 foizi o‘z to‘yida haddan tashqari xarajat qilganidan afsusdaligini bildirgan.
Kelajak sari qarash: ta’lim, uy, biznesga ustuvorlik beriladi
Respondentlar «agar imkon bo‘lsa, to‘yga sarflanadigan pullarni nimaga yo‘naltirgan bo‘lardingiz?» degan savolga quyidagicha javob bergan:
- Ta’lim olishga,
- Uy-joy xarid qilishga,
- Sayohat yoki sog‘liqni tiklashga,
- Yoki biznesga sarmoya kiritishga.
To‘ylarni soddalashtirishga jamiyat tayyor
So‘rov ishtirokchilarining katta qismi marosimlarining ko‘lamini qisqartirish tarafdori:
- 37% — to‘ydan oldingi marosimlarni kamaytirish kerak, deb hisoblaydi;
- 35% — mehmonlar sonini va ko‘lamini qisqartirishni taklif qilgan;
- 31% — to‘ydan keyingi marosimlarni kamaytirish zarur, deb biladi.
Aksincha, «o‘zgarish kerak emas» degan pozitsiyani bildirganlar atigi 7% bo‘lgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda to‘ylar, dafn marosimlari va boshqa oilaviy tadbirlarni tartibga solishga yordam beruvchi yangi hujjat qabul qilinishi rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.