
Bitkoin yana rekord darajaga ko‘tarilib, $122 mingdan oshdi. Uznex birjasida ayni damda bitkoin $122.5 mingni tashkil etmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, payshanba kuni AQShda bitkoin ETF’lariga $1,18 mlrd hajmda mablag‘ oqimi kuzatilgan. Bu 2025-yildagi eng katta bir kunlik ko‘rsatkich hisoblanadi.
BTSE kriptobirjasi bosh operatsion direktori Jeff Mey CNBC’ga bergan izohida bitkoin narxining o‘sishi uzoq muddatli institutsional sarmoyadorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, bu holat bitkoinni bir-ikki oy ichida $125 ming darajasiga olib chiqishi mumkin.
Shuningdek, Mey Trampning Yevropa Ittifoqi va boshqa savdo hamkorlari bilan ehtimoliy savdo mojarolari qisqa muddatli pasayishlarga olib kelishi mumkinligini aytdi. Ammo u institutsional investorlar bu xavflarni yumshatishi va bitkoin narxini barqaror ushlab turishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bitkoin yoz oxirigacha 135 ming dollarga yetishi mumkinligi haqida yozgan edi.