
Rossiyaning Azimut Hotels tarmog‘i Toshkentdagi besh yulduzli International Tashkent mehmonxonasi boshqaruvini o‘z zimmasiga oladi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
1997-yilda InterContinental brendi ostida ish boshlagan mazkur mehmonxona 2012-yilgacha xalqaro operator boshqaruvida bo‘lgan, so‘ng faoliyatini to‘xtatgan.
2024-yil noyabr oyida Smart Fast Stroy kompaniyasi bu binoni $26 millionga xarid qilgan edi.
Endi u Azimut Grand Hotel Tashkent nomi bilan faoliyat olib boradi. Bu markaziy Osiyoda Azimut Hotels brendi ostida ochilayotgan birinchi premium mehmonxona bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Azimut Hotels – 2004-yilda tashkil etilgan, hozirgacha Rossiya, Germaniya, Avstriya va Isroildagi 39 mehmonxonani boshqarayotgan xalqaro tarmoqdir.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent aeroportida «Qo‘noq» kapsula mehmonxonasi ishga tushgani haqida yozgandi.