
Janubiy Koreyadagi kemasozlik ishiga tayyorlov kurslari uchun qabul boshlandi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Agentlik va HD Hyundai kemasozlik korxonasi hamkorligida kemasozlik yo‘nalishida malakali kadrlarni tayyorlash uchun uch oylik o‘quv kurslariga qabul ochildi.
Mazkur loyiha doirasida nomzodlar E-7 vizasi asosida Koreyada rasmiy ishga joylashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ta’lim yo‘nalishlari bo‘yoqchilik va elektrik sohalarini qamrab oladi.
E-7 vizasini olish uchun talab etiladigan asosiy shartlar quyidagilardan iborat:
- tegishli sohalar bo‘yicha bakalavr diplomiga ega bo‘lishi zarur (saralash bosqichidan so‘ng diplomga apostil talab etiladi). Bu sohalar: kimyo, materialshunoslik, arxitektura, avtomobilsozlik, mexanik muhandislik va elektr muhandisligi;
- TOPIK 3 yoki undan yuqori darajadagi til sertifikati yoki KIIP dasturining 3-bosqichini yakunlaganlik sertifikati;
- nomzodning yoshi 35 yoshdan oshmagan bo‘lishi;
- ilgari Janubiy Koreyada qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ymagan bo‘lishi;
- Koreya elchixonasi tomonidan vizasi rad etilmagan bo‘lishi;
- sudlanmagan va sog‘lom bo‘lishi lozim.
Hujjat topshirish uchun talab etiladigan asosiy hujjatlar: to‘ldirilgan anketa va tilxat, rangli pasport nusxasi, 3,5 x 4,5 sm hajmdagi ikki dona surat, til sertifikati (TOPIK yoki KIIP) va bakalavr diplomi.
Faqat yuqorida ko‘rsatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha bakalavr diplomiga ega bo‘lgan nomzodlargina tanlovda ishtirok etishi mumkin.
Hujjatlar 16-iyuldan 18-iyulgacha Migratsiya agentligining hududiy filiallarida qabul qilinadi. Manzillar ushbu docs.google.com havolada mavjud.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun Migratsiya agentligiga 71 202 33 55 raqami orqali murojaat qilish mumkin (ichki raqamlar: 241, 243, 244).
Avvalroq O‘zbekiston Koreya kemasozlik sanoati uchun 97 nafar ishchi tayyorlagani haqida yozgandik.