Yangiliklar

Alohida ehtiyojli bolalarni qamrab oluvchi bepul rivojlanish markazlari ochiladi

Mazkur markazlar tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi huzurida tashkil etiladi
xususiy bog'chalar, O'zbekiston
Maxsus ehtiyojli bolalar uchun bepul rivojlanish markazlari ochiladi. Foto: Uzedu.uz

Alohida ehtiyojli bolalarni qamrab oluvchi bepul rivojlanish markazlari tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hukumat qarori bilan joriy yilning 14-iyul kuni «Ilk rivojlanish markazlari to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Mazkur nizomga ko‘ra, maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan hamda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga Ilk rivojlanish markazlari tashkil etiladi.

Markazlar 3 – 6 yoshli bolalarni, xususan, kambag‘allik darajasi yuqori va alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan oilalar farzandlarini qamrab olgan holda faoliyat yuritadi.

Shuningdek, ular ikki model asosida faoliyat olib boradi:

  • Maxsus maktabgacha ta’lim xizmati modeli – pedagoglar alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan oilalarning 2 – 7 yoshli farzandlari uchun yashash xonadoniga borib ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etadi.
  • O‘yin guruhi modeli — 3 – 6 yoshli bolalar uchun markazlarda tashkil etilgan qisqa muddatli (3,5-4 soat) guruh.

Mazkur markazlar tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi huzurida tashkil etiladi. Shu bilan birga, unga qabul qilingan barcha tarbiyalanuvchilardan to‘lov undirilmaydi.

Avvalroq joriy yilning 1-sentabridan maktab va bog‘cha rahbarlari maoshi oshirilishi haqida yozgandik.

Unga ko‘ra, maktab direktorlarining maoshi 20 foizga, direktor o‘rinbosarlariniki esa 15 foizga oshiriladi. Bolalar bog‘chalari mudirlarining maoshi uchinchi va to‘rtinchi toifadagi maktablar direktori o‘rinbosarlarining oyligiga tenglashtiriladi.

Shuningdek, vazir KPI asosida maktab direktori uchun oylik bonuslar to‘lanishini e’lon qildi. Ushbu tizim 2026-yil 1-yanvardan boshlab joriy etiladi.