
Tojikiston hukumati Rog‘un GESdan O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha bitim loyihasini ma’qulladi. Hujjat matni Tojikiston Adliya vazirligi veb-saytida e’lon qilindi.
Elektr xaridini «O‘zenergosotish» kompaniyasi amalga oshiradi. Bir kVt/soat elektr energiyasining narxi qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bilan 3,4 sentni tashkil qiladi. Ikkinchi yildan boshlab narx har yili 1 foizga indekslanadi. Bundan tashqari, Tojikistonning «Barki Tochik» energiya kompaniyasi ham O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib beradi.
Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi ushbu bitim 20 yil amal qiladi va keyinchalik 10 yillik davrlar bilan uzaytirilishi mumkin. Kelib chiqadigan bahs va kelishmovchiliklar tomonlar muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal qiladi.
Rog‘un GES – Tojikistondagi eng yirik gidroelektr stansiyasi bo‘lib, Vaxsh daryosida qurilmoqda. Uning o‘rnatilgan quvvati taxminan 3,6 ming MVt bo‘lishi kutilmoqda. 2018-yilda stansiyaning birinchi agregati, bir yildan keyin esa ikkinchisi ishga tushirilgan.
2024-yilda Tojikiston xorijga 2,7 milliard kVt/soat elektr energiyasi eksport qildi. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 7,8 foizga kam. Asosiy xaridorlar – Afg‘oniston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston bo‘ldi. Toshkent o‘tgan yili $18,4 millionlik elektr energiyasi xarid qilgan.
Avvalroq 1-avgustdan O‘zbekistonda elektr to‘lovi chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikka bog‘lanishi haqida yozgandik.