
Shu yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda uy-joy bozorida bitimlar hajmi 3,7 foizga o‘sdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillarida e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, respublika bo‘ylab uy-joy savdolari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,6 foizga oshgan.
Sotuvlar hajmi ortdi, lekin hududlar o‘rtasida tafovut bor
2025-yilning yanvar – iyun oylarida respublika bo‘yicha 136,5 mingta ko‘chmas mulk sotuv bitimi ro‘yxatdan o‘tgan. Iyun oyi yakuni bilan bu ko‘rsatkich 21 mingta bitimni tashkil qilib, o‘tgan yildagiga nisbatan 3,7 foizlik o‘sishni qayd etdi.
Hududiy natijalarda eng yuqori o‘sish Jizzax (29,9%), Navoiy (18,3%) va Surxondaryo (17,7%) viloyatlarida kuzatilgan.
Ayni paytda Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk bitimlari hajmi 2,6 foizga pasaygan.
Ikkilamchi uy-joy bozori: narxlar o‘sishda davom etmoqda
Iyun oyida ikkilamchi bozordagi uy-joylarning o‘rtacha kvadrat metr narxi 0,3 foizga o‘sib, 1,8% yillik ko‘rsatkichga yetdi. Biroq ayrim hududlarda jiddiy pasayishlar kuzatilmoqda, xususan, Toshkent shahrida narxlar yillik kesimda 4,8 foizga tushgan.

Poytaxtda bir kvadrat metr uy-joy narxi o‘rtacha $1075 ni tashkil etgan bo‘lsa-da, bu oyda 0,1 foizga, yil davomida esa deyarli 5 foziga pasaydi.
Viloyatlarda holat qanday
Eng katta oylik o‘sish Sirdaryoda qayd etildi – 3,2%. Bu viloyatda hali ham bir kvadrat metr uchun eng past narxlar saqlanib qolgan ($400).
Yillik kesimda eng katta o‘sish Jizzaxda – 11,7%. Shuningdek, Surxondaryo (10,9%), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (9,3%) va Xorazm (7,3%) viloyatlarida ham narxlar barqaror o‘smoqda.
Barcha hududlar bo‘yicha eng keskin pasayish Namanganda (1,2%) va Jizzaxda (1,3%) qayd etildi.
Poytaxtlar ikkilamchi uy-joy narxlari tushdi
Toshkent shahrida ikkilamchi bozordagi yangi qurilgan uylar segmentida esa pasayish nisbatan sekinlashgan – 1,6% atrofida bo‘lgan. Bu pasayish ko‘proq Mirzo Ulug‘bek (7,6%), Yashnobod (7,3%) va Chilonzor (6,9%) tumanlarida sezilgan.
Shuningdek, birlamchi uy-joy bozorida ham narxlar pasaygan. Eng katta tushish Uchtepa (9,7%), Yunusobod (8,8%) va Shayxontohur (7,7%) tumanlarida kuzatilgan.
Ijara bozorida vaziyat barqaror
Iyun oyi yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahri ijara bozorida narxlar o‘zgarishsiz qoldi — o‘rtacha kvadrat metr uchun $8,1 darajasida. Eng yuqori ijara narxlari Shayxontohur, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida kuzatilmoqda. Bu tumanlarda kvadrat metr ijara qiymati $10,8 gacha yetgan.

Yillik hisobda ijara narxlari 2,6 foizga kamaygan. Uchtepa, Yashnobod va Chilonzor tumanlari bu borada yetakchi bo‘ldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ipoteka subsidiyasi uchun arizalar qabuli 10-iyuldan boshlangani haqida yozgandi.