
Taniqli insayder Fabritsio Romanoning xabar berishicha, «Manchester Siti» yozgi transfer oynasida darvozabon Jeyms Traffordni jamoaga qaytarishni rejalashtirmoqda. Trafford hozirda «Byornli» safida o‘ynamoqda, ammo «shaharliklar» uni sotib olish imkoniyatiga ega.
Klub darvozabonlaridan biri – Ederson yoki Shtefan Ortega yozda jamoani tark etishi mumkin. Ular bilan boshqa klublar jiddiy qiziqish bildirmoqda, shuning uchun «Siti» ehtimoliy yo‘qotishning o‘rnini to‘ldirish choralarini ko‘rmoqda.
Jeyms Trafford avval «Siti» akademiyasida tarbiya topgan bo‘lib, o‘tgan mavsumda «Bernli» tarkibida Chempionship doirasida 45 ta o‘yinda ishtirok etdi va ulardan 29 tasida darvozasini daxlsiz saqlab qoldi.
Hozircha Trafford borasida «Siti» va «Byornli» o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda. Shu bilan birga, «Nyukasl» ham posbon uchun kurashga qo‘shilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Manchester Siti» Puma bilan bir mlrd funtlik shartnoma imzolagani haqida xabar bergan edi.