Sentabrdan AI-80 benzinini ishlab chiqarish to‘xtatiladi – «O‘zbekneftgaz»

eʼlon qilindi
«O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati ma’lum qildi
Foto: Sora sun’iy intellektida tayyorlandi

O‘zbekistonda shu yilning sentabr oyidan AI-80 markali benzinni ishlab chiqarishni to‘xtatish rejalashtirmoqda. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Yil boshida jamoatchilik muhokamasi uchun «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasi doirasida 2025-yilni «Atrof-muhitni asrash va «yashil» iqtisodiyot yili» sifatida belgilab, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan davlat dasturi boʻyicha prezident farmoni loyihasi e’lon qilingandi.

Farmonga koʻra, 2025-yil oxirigacha «Yevro-4» ekologik toifasidan past boʻlgan motor yonilgʻisidan foydalanish va sotishni cheklash, shuningdek, respublikaning barcha hududlarida joylashgan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalariga yonilgʻi sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanishi kutilayotgani ma’lum qilingandi.

So‘ng 30-yanvar kuni qabul qilingan prezident farmoniga ko‘ra, Oʻzbekistonda 2025-yil oxirigacha Ai-80 benzini savdosini bosqichma-bosqich cheklash bo‘yicha barcha kuch va resurslar safarbar etilishi topshirilgandi.

Ammo 2024-yil oktabr oyidagi prezident qarori bilan bu jarayonni to‘liq amalga oshirish 2028-yilgacha kechiktirildi. Bunga sabab sifatida Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish uchun vaqt kerakligi ko‘rsatilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda avtomobil benzinini ishlab chiqaruvchi asosiy quvvatlar ikki yirik neftni qayta ishlash zavodiga to‘g‘ri keladi. Ulardan biri «O‘zbekneftgaz» tasarrufidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, ikkinchisi esa xususiy sektor vakili bo‘lgan «Saneg» kompaniyasiga qarashli Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidir.

Shuningdek, Surxondaryo va Chinozdagi neftni qayta ishlash quvvatlari ham mavjud bo‘lib, ular nisbatan kichik hajmda bo‘lsa-da, AI-80 markali benzin ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni inobatga olgan holda, AI-80 markali benzin O‘zbekistonga import qilinmaydi, ya’ni ichki ehtiyoj asosan ichki imkoniyatlar hisobidan ta’minlanadi. Faqat ayrim istisno holatlarda va kichik partiyalarda tashqi ta’minotga murojaat qilinishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron prezidenti sifatsiz yonilg‘i sababli safarini taksida davom ettirgani haqida yozgandi.

Shuningdek