Sport

Abbosbek Fayzullayev «Bashakshehir»da yiliga bir mln yevro maosh oladi – OAV

Bu «SSKA»dagi yillik daromadidan deyarli oʻn barobar koʻp
"Vulverxempton" Abbosbek Fayzullayevni kuzatmoqda
Abbosbek Fayzullayev «Bashakshehir»da yiliga 1 mln yevro maosh oladi / Foto: «SSKA»

Turkiyaning «Bashakshehir» safiga borib qoʻshilishi kutilayotgan oʻzbekistonlik futbolchi Abbosbek Fayzullayevning yangi jamoasidagi maoshi ma’lum boʻldi.

Manbalarning bildirishicha, Fayzullayev tibbiy koʻrikdan muvaffaqiyatli oʻtgan. Transfer rasman yaqin kunlarda e’lon qilinishi kutilmoqda.

«Bashakshehir» klubi Fayzullayev uchun «SSKA»ga 7,5 million yevro toʻlaydi. Bundan tashqari, kelishuvda natijaga bogʻliq qoʻshimcha 2,5 million yevrolik bonuslar ham koʻzda tutilgan. Masalan, futbolchi Turkiya Superligasida 10 ta gol urgan yoki xalqaro turnirlarda oʻzini koʻrsatgan taqdirda, bu bonuslar faollashtiriladi.

Fayzullayevning «Bashakshehir»dagi yillik maoshi bir million yevrodan ortiq boʻlishi aytilmoqda. Bu «SSKA»dagi yillik daromadidan (100 ming yevro atrofida) deyarli oʻn barobar koʻp. Shuningdek, unga qoʻshimcha ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar ham belgilangan.

Ma’lumot uchun, 21 yoshli futbolchi 2023-yildan beri «SSKA» sharafini himoya qilib keladi. U klub safida 72 oʻyinda maydonga tushib, 8 gol va 22 assist muallifiga aylangan.

Rossiya Kubogi va Superkubogi gʻolibligini qoʻlga kiritgan Fayzullayevning transfer qiymati Transfermarkt portali tomonidan 8 million yevroga baholanmoqda.

Avvalroq kursiv Uzbekistan «SSKA» va Abbos Fayzullayev Rossiya Superkubogi sohibi boʻlgani haqida xabar bergan edi.