
Andijonda $40 million sarmoya hisobiga innovatsion klinika barpo etiladi. Bu haqda davlat rahbariga Andijon viloyatiga doir yangi rejalar yuzasidan bildirilgan axborotda ma’lum qilindi.
2024-yil 18-noyabrdagi prezident qaroriga muvofiq, viloyatga $3,1 milliard investitsiya jalb qilish belgilangan. Bundan tashqari, $1,5 milliardlik eksportni amalga oshirish, 305 ming kishining bandligini ta’minlash, 32 mingdan ortiq oilani kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan.
Joriy yil boshidan buyon viloyatda qiymati $1 milliardlik yangi ishlab chiqarish quvvatlari, 344 ta savdo va xizmat ko‘rsatish markazlari ishga tushirilgan. Yana $2,5 milliardlik loyihalar boshlangan. O‘tgan 6 oyda $850 million investitsiya jalb qilinib, $465 millionlik mahsulot eksport qilingan.
Shuningdek, «Islohotlar shtabi» tashkil etilib, unda ekspertlar va tadbirkorlar ishtirokida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga oid yangi takliflar ishlab chiqildi.
Ulardan biri sifatida $40 million sarmoya hisobiga Germaniya, Turkiya va Yaponiyadan robotlashtirilgan texnologiyalar olib kelinib, innovatsion klinika barpo etish rejalashtirilgan. Shuningdek, Italiyadan 20 million yevro ($23,2 mln) jalb etilib agrokorxona, Germaniyadan 25 million yevroga ($29 mln) zamonaviy agrologistika majmuasi tashkil qilish ko‘zda tutilgan. Xonobod shahri, Xo‘jaobod va Buloqboshi tumanlarida 30 dan ortiq turistik tashabbuslar ilgari surilgan.
Umumiy hisobda qiymati $1,1 milliardlik qo‘shimcha loyihalar shakllantirilgan bo‘lib, ularning natijasida 22 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shu bilan birga, $200 millionlik qo‘shimcha eksport imkoniyati yuzaga keladi.
Bundan oldin hududlarda zamonaviy klinikalar ochish uchun budjetdan $140 million ajratilishi haqida yozgandik.