Yangiliklar

AI-80 benzini yil boshidan beri 16 foizga oshdi

Hozirda AI-80 benzinining bir tonnasi 10 million soʻmlik chegaradan oʻtdi
Foto: Autonews.ru

2025-yil 28-iyul kuni respublika tovar-xomashyo birjasida AI-80 markali benzinning bir tonnasi 10,83 million soʻmga yetdi. Yil boshidan buyon esa AI-80 narxi 16,5 foizga oshdi.

Hozirda AI-80 benzinining bir tonnasi 10 million soʻmlik chegaradan oʻtdi. Bu esa AI-92 markasi bilan narxlar tafovutini sezilarli darajada qisqartirdi. Ayrim kotirovkalarda farq atigi 10 foizdan ham kamroqni tashkil etmoqda.

Iqtisodchi Otabek Bakirov narxlar oʻrtasidagi tafovutning qisqarishi fonida ehtimoliy xavfga e’tibor qaratmoqda.

«80 benzin va 92 benzin narxlari farqi oʻrtacha 14,8 foizgacha qisqargan, 80 benzin maksimumlari va 92 minimumlari farqi bir xonali darajaga tushgan. Ya’ni yana biroz va 80 benzinni 92 benzin deb e’lon qilib yuborsa boʻladi», – deydi u.

Shu bilan birga, «Oʻzbekneftgaz» 2025-yil sentabridan boshlab AI-80 benzinini ishlab chiqarishni toʻxtatishini, oʻrniga yuqori oktanli AI-92 va AI-95 markalariga toʻliq oʻtishini ma’lum qilgan.

Rossiya hukumati tomonidan benzin eksportiga joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlar fonida O‘zbekiston Energetika vazirligi rasmiy bayonot berdi. Unda qayd etilishicha, mazkur cheklovlar O‘zbekistonga yetkaziladigan yonilg‘i mahsulotlariga taalluqli emas. Chunki ikki davlat o‘rtasida benzin yetkazib berishga doir amaldagi hukumatlararo bitim mavjud.

Biroq iqtisodchi Otabek Bakirovga koʻra, bu ta’sir bilvosita boʻlishi mumkin. Uning soʻzlariga koʻra, aynan shunday bayonotlar 2023 va 2024-yillarda ham e’lon qilingan, biroq narxlar baribir oshgan.

Mutaxassis fikricha, mustaqil, bitimga kirmagan kichik importyorlar bozordan chiqib ketmoqda. Hukumat roʻyxatlariga kiritilgan yirik yetkazib beruvchilar esa narxlarni belgilashda koʻproq imkoniyatga ega boʻlib qolmoqda. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarga bosimni kuchaytiradi. Vaziyat ayniqsa murakkab, chunki AI-80 benzinidan bosqichma-bosqich voz kechilmoqda. Bu marka ichki bozorda taxminan 80 foiz ulushni egallab turibdi.