Yangiliklar

Saudiya Arabistonida attraksion qulab tushdi: kamida 23 kishi jarohat olgan

Qurbonlar yo‘q
Attraksion
Rasm ChatGPT yordamida sayqallangan / Manba: Videodan ekran tasviri

Saudiya Arabistonining Taif shahridagi Green Mountain Park dam olish maskanida attraksion qulab tushishi oqibatida kamida 23 kishi jarohat oldi. Bu haqda Freepressjournal xabar bermoqda.

Voqea 25-iyul kuni sodir bo‘lgan. Mahalliy matbuotning yozishicha, uch nafar fuqaroning ahvoli og‘ir.

Internetda tarqalgan videoda attraksion markaziy ustuni sinib, ikki bo‘lakka ajralgani ko‘rish mumkin. Ustun sinib ketganida odamlarning ba’zilari bir necha metr nariga uchib tushgan.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2025/07/park.mp4
Video: «Mash» Telegram kanali

Voqea 360 Degrees nomli attraksionda yuz bergan. Guvohlarning aytishicha, markaziy ustun yuqori tezlikda orqaga tortilgan va sinib ketgan. Natijada ikki-uch kishi qarama-qarshi yo‘nalishga uchib ketgan, qolganlar esa o‘rindiqlarda qolgan holda yerga qulagan.

Hodisa joyiga tez yordam va qutqaruv xizmatlari yetib borgan. Tergov ishlari olib borilmoqda.

Bu kabi fojia shu yil aprel oyida Hindiston poytaxti Dehlida ham sodir bo‘lgan edi. U yerda «Fun N Food Water Park»dagi attraksion qulab tushib, 24 yoshli ayol halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Asaka tumanidagi avtoservisda sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan ish qo‘zg‘atilgani haqida yozgan edi.