
Osiyo Taraqqiyot banki (OTB) ilk marotaba O‘zbekiston so‘mida (UZS) nominatsiyalangan obligatsiyalarni muomalaga chiqardi. Bu haqda bank rasmiy sahifasida xabar berdi.
Unga ko‘ra, bank ushbu obligatsiyalar orqali 312 milliard so‘m (taxminan $24,7 million) miqdorida mablag‘ jalb qildi.
Bu obligatsiyalar 14,5 foizli kupon stavkasi bilan 3 yillik muddatga chiqarilgan bo‘lib, Merrill Lynch International tomonidan joylashtirildi. Mazkur gender obligatsiyasi Toshkentdan tashqaridagi ayollar rahbarlik qilayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yo‘naltiriladi.
Bank vakillarining ta’kidlashicha, bu bosqich OTBning mahalliy valyutalarda obligatsiya chiqarish dasturini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib, mahalliy investorlarga raqobatbardosh foiz stavkalari orqali ishonchli moliyaviy vositalarga ega bo‘lish imkonini beradi. Shuningdek, valyuta xavfini kamaytirish orqali mahalliy bozorlar barqarorligiga xizmat qiladi.
«Dastlabki so‘m denominatsiyali obligatsiyalar nafaqat OTBning obligatsiya chiqarishi mumkin bo‘lgan valyutalar sonini ko‘paytirdi, balki yangi investorlar guruhiga yetib borishimizga imkon yaratdi. Bundan tashqari, MNT obligatsiyasi OTBning Mo‘g‘ulistondagi muvaffaqiyatli va tobora kengayib borayotgan milliy valyuta operatsiyalarini aks ettiradi.
Ushbu obligatsiyalar chiqarilishi OTBning rivojlanayotgan bozorlarda chet el valyutasi xatarlariga eng ko‘p duchor bo‘ladigan qarz oluvchilarga ko‘maklashish hamda milliy valyutada moliyalashtirish tashabbuslarini rivojlantirish bo‘yicha strategik majburiyatini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini namoyon etadi», — dedi bank vakili Tobias Xoshka.
OTB bundan oldin iyul oyida Mongoliyada ham shunga o‘xshash obligatsiyalar chiqarib, 30 milliard MNT (taxminan $8,4 million) miqdorida mablag‘ jalb qilgan. Bu mablag‘lar mamlakatda sog‘liqni saqlash infratuzilmasini kengaytirish loyihasiga yo‘naltirilgan edi.
Ma’lumot uchun, OTB 1966-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda unga 69 ta davlat a’zo.
Avvalroq «Kursiv» nashri OTB AQSh tariflari O‘zbekistonga qo‘shni davlatlarga qaraganda ko‘proq ta’sir qilishi mumkinligi haqida fikr bildirganini yozgandi.