Yangiliklar

Qo‘qonlik fuqaro terrorchi tashkilotga qo‘shilishga uringani uchun olti yilga qamaldi

Yaqinlarini ham bu yo‘lga da’vat qilgan
Qo‘qonlik fuqaro terrorchi tashkilotga qo‘shilishga uringani uchun olti yilga qamaldi / Foto: DXX

Qo‘qon shahrida yashovchi fuqaro 2021-yilda «Telegram» messenjerida kanal ochib, unda aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatgan. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Uning kanalida 9 nafar obunachi bo‘lgan. Shu bilan birga, u «Instagram» orqali Suriyada faoliyat yuritayotgan «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terroristik tashkiloti vakillari bilan bog‘langan hamda ularning da’vatlariga hamdardlik bildirgan.

U nafaqat o‘zi terrorchi guruh safiga qo‘shilishni rejalashtirgan, balki yaqin tanishlari va sinfdoshlari orasida «jamoat» shakllantirib, ularni ham Suriyaga «hijrat» qilib, terrorchilar safiga qo‘shilishga chaqirgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida uning noqonuniy harakatlari fosh qilindi va to‘xtatildi.

Furqat tumani sudi tomonidan fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244¹-moddasi 3-qismi «g» bandi va 244²-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, 6-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat xavfsizlik xizmati bir qator korrupsion holatlarni fosh etgan edi.