Yangiliklar

Shota Rustaveli ko‘chasining bir qismi 20 kundan ziyodga yopiladi

2-avgustdan 25-avgustgacha
Foto: Yandex

2-avgustdan 25-avgustgacha Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli ko‘chasining Grand Mir mehmonxonasi bilan Bobur ko‘chasi oralig‘ida rekonstruksiya ishlari olib boriladi. Shu sababli mazkur yo‘l kesimida transport harakati vaqtincha cheklanadi.

Rekonstruksiya vaqtida yo‘lovchi transporti harakatida bir qator o‘zgarishlar kutilmoqda. Xususan, 18, 38, 58 va 67-sonli avtobuslar Shahrisabz, Mirobod, Nukus, Bobur hamda Shota Rustaveli ko‘chalari orqali harakatlanadi.

Foto: Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi

57, 81 va 98-yo‘nalishdagi avtobuslar esa Mirobod, Yusuf Xos Hojib va Bobur ko‘chalari bo‘ylab harakat qiladi. 127-sonli avtobus esa Nukus va Muqimiy ko‘chalari orqali yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.

Shahar transport xizmatlari rekonstruksiya ishlari davomida tirbandliklar ehtimoli yuqoriligini inobatga olib, yo‘nalishlarda qo‘shimcha o‘zgarishlar kiritilishi mumkinligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, avtobuslarning harakat vaqti va oraliq muddatlari odatdagidan biroz uzoqlashishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi yo‘lning bir qismi 22-iyulgacha yopilishi haqida yozgandi.