Yangiliklar

Yarim yilda avtobusda yo‘lkira to‘lamagan to‘rt mingdan oshiq fuqaro jarimaga tortildi

4090 nafar fuqaroga ma’muriy choralar ko‘rilgan
avtobus jizzax
Foto: Transport vazirligi

Joriy yilning olti oyida Toshkent shahridagi jamoat transportlarida yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangan 4090 nafar fuqaroga ma’muriy choralar ko‘rilgan. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.

2025-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent avtobuslarida naqd pulda to‘lov qilish amaliyoti to‘liq bekor qilingan bo‘lib, yo‘lovchilar elektron to‘lov yoki bir martalik QR-chiptalar yordamida to‘lovni amalga oshirishlari talab etiladi.

Shu munosabat bilan Transport nazorati inspeksiyasi hamda Toshkent shahar jamoat transportini monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi tomonidan muntazam ravishda tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Aksariyat yo‘lovchilar yangi tizim qulayligini e’tirof etib, yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lagan bo‘lsa, ayrimlari sababsiz to‘lovni amalga oshirmasdan avtobusdan tushib ketayotgani kuzatilmoqda.

Mazkur holatlarning oldini olish maqsadida jamoat transportida kuchaytirilgan nazorat reydlari boshlandi. Endilikda nazoratchi va inspektorlar yo‘lovchilarning yo‘l haqi to‘langanini joyida tekshiradi. Yo‘lovchilar bir martalik QR-chiptalarni safar davomida o‘zlarida saqlab, talab qilinganda taqdim etishlari shart.

Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik kodeksining 144-moddasiga ko‘ra, naqd pul bergan yo‘lovchilar emas, balki chiptasiz yurganlarga BHMning o‘ndan bir qismi miqdorida (hozirda 41,2 ming so‘m) jarima solinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan shu yilning 2-aprel kuni poytaxtdagi avtobuslarda chiptasiz harakatlangan 162 nafar yo‘lovchiga ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgani haqida yozgandi.