Aqlli so’mlar

Odamlar nega aksiya sotib oladi

Quyida Kursiv Uzbekistan aksiyalarning turlari, qanday olinishi va foyda qanday hisoblanishi haqida batafsil ma’lumot beradi
Aksiya nima va u qanday olinadi. Foto: unibankinvest

Aksiya — bu kompaniyaning mulkida sizga tegishli ulushni bildiradigan qimmatli qog‘oz. Ya’ni siz biror kompaniyaning aksiyasini sotib olsangiz, uning kichik bir qismini egallaysiz. Shu orqali siz kompaniyaning yillik foydasidan dividend olish huquqiga ega bo‘lasiz yoki aksiyani keyinchalik yuqori narxda sotib foyda olishingiz mumkin. Quyida Kursiv Uzbekistan aksiyalarning turlari, qanday olinishi va foyda qanday hisoblanishi haqida batafsil ma’lumot beradi.

Ushbu maqola orqali quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:

Aksiyalar qanday turlarga bo‘linadi

Aksiyalar
Aksiyalar qanday turlarga bo‘linadi. Foto: MTrading

Aksiyalar oddiy va imtiyozli turlarga bo‘linadi.

Oddiy aksiyalar — egasiga kompaniya yig‘ilishlarida ishtirok etib, ovoz berish huquqini va kompaniya foydasidan dividend olish imkonini beradi. Masalan, «Toshkent» respublika fond birjasidagi (RFB) O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi («O‘zRTXB»), UzAuto Motors va «Ipoteka-bank»ning oddiy aksiyalari shular qatoriga kiradi.

Imtiyozli aksiyalar — odatda ovoz berish huquqini bermaydi, lekin dividendlar oldinroq to‘lanadi. Hattoki ko‘p hollarda kompaniya zarar ko‘rsa ham dividendlar to‘lashga majbur bo‘ladi. «Toshkent» RFBdagi «Hamkorbank», O‘zbekiston metallurgiya kombinati («O‘zmetkombinat») va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining («Olmaliq KMK») imtiyozli aksiyalari bunga misol bo‘la oladi.

Aksiya qanday olinadi

Aksiya bozori – to‘g‘ridan to‘g‘ri kirib boriladigan joy emas. Siz biror broker kompaniya orqali qatnashasiz. O‘zbekistonda bu xizmatni bir necha tashkilotlar taklif etadi. Eng faol tashkilotlarning nomlarini fond birja saytida topishingiz mumkin.

Boshlovchilar qanday aksiya sotib olishi mumkinligi bo‘yicha batafsil yo‘riqnoma bilan ushbu havolada tanishishingiz mumkin.

Aksiya foydasi qanday hisoblanadi

Odamlar aksiyalar orqali ikki asosiy yo‘l bilan foyda olishadi: dividend va kapital o‘sish orqali.

Dividend — kompaniya o‘z aksiyadorlariga yillik foydasidan to‘laydigan ulush. Uning foydasi quyidagicha hisoblanadi:

Dividend daromadi (%) = (Yillik dividend / Aksiya narxi) × 100;

Masalan, siz 10 ming so‘m narxdagi aksiyani sotib oldingiz va kompaniya yilda ming so‘m dividend to‘ladi. Unda quyidagicha hisoblanadi:

(1000 / 10 000) × 100 = 10%.

Bu yillik dividend daromad foizi deb ataladi. Ya’ni siz o‘sha aksiyani qancha pulga sotib olgan bo‘lsangiz, shu sarmoyangizdan yiliga qancha foyda olayotganingizni ko‘rsatadi.

Bu – bankdagi omonatlardan ko‘ra yuqori bo‘lishi mumkin, ammo risklar ham bor. Chunki dividend to‘lash yoki to‘lamaslik haqidagi qarorni aksiyadorlar yig‘ilishida hal qilinadi. Ular dividendlarni to‘lamaslik va olgan daromadini kompaniya rivojiga yuborishi haqidagi qarorni qabul qilishlari ham mumkin.

Ikkinchi yo‘l esa — kapital o‘sish. Bu aksiya narxi oshgach uni sotib foyda olganingizdagi daromad turi. Hisoblash formulasi:

Kapital foyda = (sotish narxi – xarid narxi) × aksiyalar soni;

Masalan, siz 100 dona aksiyani sakkiz ming so‘mdan sotib oldingiz va keyinchalik uni 10 ming so‘mdan sotsangiz: (10 ming – 8 ming so‘m) × 100 = 200 ming so‘m sof foyda olishingiz mumkin.

Agar siz dividend ham, kapital o‘sishi ham olgan bo‘lsangiz, ikkalasini qo‘shib umumiy foydani hisoblashingiz mumkin. Masalan, dividend: ming so‘m (har aksiya uchun), kapital o‘sishi: ikki ming so‘m (10 ming – 8 ming so‘m). Sizda 100 ta aksiya bor. Shunda umumiy foyda 300 ming so‘m bo‘ladi:

(1000 + 2000) × 100 = 300 ming so‘m bo‘ladi.

Sarmoyangizning umumiy daromadliligi qancha pul tikib, qancha foyda olganingizga bog‘liq. Shuni ham ta’kidlash kerakki, umumiy daromadni hisoblashda brokerlik xizmatlari uchun to‘lanadigan komissiya ham hisobga olinishi zarur. Ba’zilarida bu bir foizgacha boradi.

Aksiya olishda nimalarga e’tibor berish kerak

Foto: Pexels.com

Aksiya sotib olishdan oldin kompaniyaning moliyaviy holati, daromadi, foydasi va qarzdorligi tahlil qilinadi. Dividend to‘lovlari muntazam va o‘sib borayotgan bo‘lsa, bu ijobiy belgi sanaladi. Aksiya narxining so‘nggi yillardagi harakati ham baholanadi — u o‘sganmi yoki pasayganmi, eng yuqori va eng past nuqtalari qanday bo‘lgan. Kompaniyaning bozordagi o‘rni, yangiliklari va brend obro‘siga ham e’tibor beriladi.

Shuningdek, likvidlik muhim — aksiyani tez va qulay sotish imkoniyati bo‘lishi kerak. Kompaniya faoliyat yuritayotgan soha va umumiy iqtisodiy vaziyat ham tahlil qilinadi. Daromad va risk muvozanatini hisobga olib, bir nechta kompaniyadan iborat portfel tuzish tavsiya etiladi.

Masalan, o‘tgan hafta, 1-avgustdan 8-avgustgacha davrda «Toshkent» respublika fond birjasida (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 1,05 foizga tushdi.

Bunda «Hamkorbank»ning imtiyozli aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 11,07 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Qo‘qon mexanika zavodi» (+7,87%) va «Biokimyo» (+6,24%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.

Biroq «O‘zbektelekom» aksiyalari (imtiyozli) 8,58 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Hamkorbank»ning oddiy aksiyalari (-3,97%) va «Olmaliq KMK» imtiyozli aksiyalari (-3,67%) ham pasayish bilan ajralib turdi.

Umuman olganda, O‘zbekiston fond bozorida sarmoya kiritish orqali nafaqat qo‘shimcha daromad topish, balki mamlakat iqtisodiyotining o‘sishiga ham hissa qo‘shish mumkin. Biroq, har qanday sarmoya risk bilan bog‘liq, shuning uchun ehtiyotkorlik bilan yondashish lozim.

Bundan avval fond bozori tushunchasi va u pulni qanday ko‘paytirishi haqida ma’lumot bergandik.