
Bakalavriat uchun mandat natijalari e’lon qilindi

2025/2026-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari natijalari e’lon qilindi. Tanlov natijalarini 3 xil usulda bilish mumkin.
Texnik xatolik sabab 30,1 ming soliq to‘lovchidan pul yechib olindi

Soliq qo‘mitasidagi texnik nosozlik tufayli 30,1 ming soliq to‘lovchidan jami 399,3 mlrd so‘m mablag‘ asossiz yechib olingan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, yechib olingan summalar soliq to‘lovchilarning hisob raqamlariga avtomatik tarzda qaytariladi, yozma murojaat talab qilinmaydi.
Toshkent – Riga reyslari vaqti o‘zgardi

Uzbekistan Airways 14-avgust kungi Toshkent – Riga – Toshkent yo‘nalishidagi HY2XX/2XX reyslarining uchish vaqti o‘zgarganini ma’lum qildi. Bunga 14-avgust kuni havo kemasining kechikib yetib kelishi sabab bo‘lgan. Parvozlar quyidagi yangilangan jadval asosida amalga oshiriladi:
- HY2XX: Toshkentdan soat 14:00 da uchadi, Rigaga 17:30 da yetib keladi;
- HY2XY: Rigadan soat 19:00 da uchadi, Toshkentga 02:10 da yetib keladi.
Ichki perevod uchun rad etilgan arizalarni tahrirlash imkoni berildi

Oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni ichki ko‘chirish va ikkinchi oliy ta’limga qabul bo‘yicha rad etilgan ariza egalari 14 – 15-avgust kunlari hujjatlarini qayta tahrirlash imkoniga ega bo‘ldi. Bu haqda Oliy ta’lim vazirligi xabar berdi.
Prezident qaroriga muvofiq ikkita uzrli sabab bo‘yicha bir oliy ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘qishni ko‘chirish istagida bo‘lgan talabalar transfer.edu.uz orqali ariza topshirgan edi. Ko‘rib chiqish jarayonida ayrim arizalarda kamchiliklar aniqlanib, ular rad etildi. Ushbu talabalar ikki kun davomida arizalarini tuzatib, qayta yuborishi mumkin.
Xorijdagi o‘zbekistonliklar ogohlantirildi

Migratsiya agentligi xorijda bo‘lgan fuqarolarga murojaat qilib, qurolli mojarolar va jangovar harakatlarda ishtirok etish qat’iyan man etilishini eslatdi.
So‘nggi paytlarda ayrim davlatlarda mehnat migrantlarini yollash holatlari ortib bormoqda. Bunday takliflarga rozi bo‘lish nafaqat hayot va erkinlikka, balki kelajak imkoniyatlariga ham katta xavf tug‘diradi.
«O‘zmetkombinat» AJga yangi rahbar tayinlandi

«O‘zmetkombinat» AJ boshqaruv raisi – bosh direktor vazifasini bajaruvchi lavozimiga yirik tadbirkor Bahodir To‘jimirzayevich Abdullayev tayinlandi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Bahodir To‘jimirzayevich Abdullayev – 1967-yil Namangan viloyati, Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan, oliy ma’lumotli tadbirkor. U B.A Holding kompaniyasining asoschisi va rahbari bo‘lib, biznes sohasida ko‘p yillik tajribaga ega. Abdullayev «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.
Toshkentda kvartiralarning yangilangan ijara narxlari ma’lum bo‘ldi

Shu yilning iyul oyida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori iyunga nisbatan 25 foizga, o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan esa 14,2 foizga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillarida ma’lum qilindi.
Yandex SI mutaxassislari uchun bepul maktabga qabulni boshladi

Yandex Uzbekistan sun’iy intellektga ixtisoslashtirilgan Yandex ML School’ga qabul jarayonini boshladi. Bu haqda kompaniya Kursiv’ga ma’lum qildi.
Dastur mashinani o‘rganish, matematika va ma’lumotlar tahlili bo‘yicha chuqur bilim hamda amaliy ko‘nikmalar berishga qaratilgan.
Mobiuz’ni AQSh va Arab davlatlari xususiylashtirmoqchi

Mobiuz brendi ostida faoliyat yurituvchi «Universal Mobile Systems» MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotish bo‘yicha xalqaro ochiq savdoda 15 ta xorijiy va mahalliy kompaniyalar ishtirok etishga qiziqish bildirgan. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, shu yilning 1-avgustigacha AQSh, Yevropa, Arab davlatlari, Yaqin Sharq, Kavkazorti, Sharqiy va Markaziy Osiyodan jami 15 ta xorijiy va mahalliy kompaniya aktivni sotib olish bo‘yicha rasmiy ariza bilan chiqishgan.
Bitkoin rekordini yangiladi

14-avgust kuni bitkoin narxi $124 mingdan oshib, kriptovalyuta bozorida yangi tarixiy cho‘qqini qayd etdi. Toshkent vaqti bilan soat 14:50 holatiga ko‘ra, bitkoin narxi $121,5 mingni tashkil qilmoqda.
Avvalroq bitkoin $122 minglik ko‘rsatkichga 14-iyul kuni yetgandi.
Yangi Toshkentdagi 8 kilometrlik metro yo‘li 2026-yil oxirigacha qurib bitkaziladi

Yangi Toshkentda uzunligi 8 km bo‘lgan yangi metro yo‘nalishi 2026-yil oxirigacha foydalanishga topshiriladi. Yo‘nalishda uchta bekat joylashadi.
Loyiha qiymati $110 millionni tashkil etadi. Investorga aylangan Turkiyaning XVAV YAPI SANAYI VE TIC. A.S. kompaniyasi 2025-yil oxirigacha $11 million, 2026-yilda esa yana $99 million mablag‘ yo‘naltiradi.
O‘zbekistonda ilk bor adsorberlarni ishlab chiqarish boshlandi

«O‘zbekkimyomash» zavodida ilk bor tabiiy gazni tozalash uchun xalqaro standartlarga mos adsorberlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Ushbu yirik qurilmalar tabiiy gazni oltingugurt birikmalaridan tozalashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, dastlabki mahsulot Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga yetkazib berildi.
Infinix Hot 60 5G taqdim etildi

Infinix yangi Infinix Hot 60 5G smartfonini taqdim etdi. Qurilma 16-avgustdan sotuvga chiqadi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.
U 6,75 dyuymli HD+ LCD displey (120 Hz yangilanish tezligi) va Android 15 (XOS 15) operatsion tizimida ishlaydi. Sun’iy intellekt imkoniyatlari orasida Circle to Search (Ekrandagi narsani barmoq bilan aylantirib belgilanganda tafsilotlarni chiqaradigan), AI Eraser (suratdagi keraksiz narsalarni olib tashlaydi), AI Extender (rasmni kengaytiradi yoki formatini o‘zgartiradi) va One Tap AI (maxsus tugma orqali barcha SI funksiyalariga tezkor kirish imkonini beradi) funksiyalari mavjud.
«Afrosiyob»ga to‘siq qo‘ygan temiryo‘lchilar 12 va 13 yilga qamaldi

Buxoro viloyatida ikki temiryo‘lchi «Afrosiyob» tez yuruvchi poyezdga qarshi diversiya uyushtirgani uchun 12 va 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
2023-yil dekabrida lavozimidan norozi bo‘lgan sobiq brigadir hamkasbi bilan jinoiy reja tuzib, 2024-yil 14-yanvar kuni «Ziyovuddin–Navoiy» temiryo‘l uchastkasida 110 kg temir-beton shpalarni rels ustiga qo‘ygan. Oradan 15 daqiqa o‘tib, 159 km/soat tezlikda harakatlanayotgan, ichida 148 yo‘lovchi bo‘lgan «Afrosiyob» poyezdi to‘siqqa urilib, harakat qismlariga jiddiy zarar yetgan.