Yangiliklar

O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlash hajmi besh foizga yetdi

Har yili 14 mln tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi
O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlash hajmi besh foizga yetdi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

So‘nggi uch yilda sohaga 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilib, 1,2 mingta yangi texnikalar xarid qilindi, chiqindi maydonchalari qurildi.

Davlat monopoliyasi bekor qilinib, tadbirkorlik uchun soliq imtiyozlari yaratildi. Natijada 200 dan ortiq sanitar-tozalash va 290 ta qayta ishlash korxonalari ish boshladi. Hozirda yiliga 14 mln tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lib, qayta ishlash darajasi 5 foizga yetdi.

Xitoy investorlari ishtirokida 6 viloyatda chiqindidan energiya ishlab chiqaruvchi zavodlar qurilmoqda. Toshkentda tibbiyot chiqindisini yoqish orqali issiqlik oladigan 2 korxona ishga tushdi.

Prezident chiqindini tashish xizmatlarini onlayn kuzatish, ikki yillik konteyner ta’minoti dasturini ishlab chiqish va ekologik madaniyatni yosh avloddan boshlab shakllantirish zarurligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda maishiy chiqindilarni olib chiqish jarayoni to‘liq raqamlashtirilishi haqida yozgan edik.