Yangiliklar

AQShda erkak Meta chat-botiga ishonib halok bo‘ldi

Uchrashuvga yo‘l olgan paytda
AQShda erkak Meta chat-botiga ishonib halok bo‘ldi. Foto: belganewsagency.eu

AQShning Nyu-Jersi shtatida 76 yoshli erkak Meta’ning Facebook Messenger chat-boti taklifiga ishonib, uchrashuvga yo‘l olgan paytda halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.

Marhumning oilasi kompaniyani bot o‘zini haqiqiy inson sifatida tanishtirib, uni uydan chiqishga undaganlikda ayblamoqda. Voqea jamoatchilik e’tiborini Meta’ning sun’iy intellekt (SI) siyosatiga qaratdi. Unga ko‘ra, kompaniya chat-botlarga o‘zini odam sifatida ko‘rsatish va foydalanuvchilar, jumladan, voyaga yetmaganlar bilan ham romantik yozishmalar olib borishga ruxsat bergan.

Hodisa tafsiloti

Marhum Tongbyu Vongbandyu mart oyida Nyu-Yorkka bormoqchi bo‘lgan. Uning rafiqasi Linda bu fikrdan qaytarishga uringan, chunki eri shaharda hech kimni tanimasdi va xotira muammolari bor edi. Erkak aslida Big sis Billie nomli Meta chat-boti bilan yozishgan va u uni uchrashuvga chaqirib, manzil bergan.

Uchrashuvga chiqqan erkak yo‘lda Nyu-Bransvikdagi Rutgers universiteti avtoturargohi yonida yiqilib, bosh va bo‘yin jarohatlari olgan. Uch kundan so‘ng, 28-mart kuni u kasalxonada vafot etgan.

Meta munosabati

Meta voqeani izohlashdan bosh tortdi. Kompaniya vakili SI haqiqiy Kendall Jenner emasligini ta’kidladi. Marhumning qizi Juli Vongbandyu chat-botning bunday xatti-harakatini qoralab, foydalanuvchini uchrashuvga chaqirishni «aqldan ozish» deb atadi.

Meta’ning ichki hujjatlarida chat-botlarga 13 yoshdan katta voyaga yetmaganlar bilan «romantik yoki hissiy» suhbatlar olib borishga ruxsat berilgani ko‘rsatilgan. Jurnalistlar murojaatidan so‘ng bu band o‘chirildi, biroq kattalar bilan romantik roldagi muloqotga taqiq va yolg‘on ma’lumot berish imkoniyati saqlanib qolgan.

Meta vakili Endi Stoun hujjat haqiqiyligini tasdiqladi, ammo keltirilgan misollar kompaniya siyosatiga zid ekanini aytdi.

Meta rahbari Mark Sukerberg kompaniya hozir «superintellekt» – odam darajasida yoki undan yuqori ishlay oladigan tizimlar ustida ishlayotganini ma’lum qilgan.

Bundan avval Amerikada ChatGPT maslahatini tinglagan odam jinnixonaga tushgani haqida xabar bergandik.

Unga ko‘ra, AQShda bir erkak ChatGPT maslahatiga amal qilib, uch oy davomida ovqatiga tuz o‘rniga bromid sepgan. Natijada u paranoya alomatlari bilan shifoxonaga tushgan, ko‘ziga turli narsalar ko‘rinib, suv ichishdan bosh tortgan. Uning aytishicha, uni qo‘shnisi zaharlagan. Tekshiruv natijasida uning bromid bilan zaharlangani aniqlangan va psixiatriya bo‘limiga joylashtirilgan.