
Afg‘oniston va O‘zbekiston Kobulda qiymati $243 mln bo‘lgan to‘rtta yirik elektr loyihasi bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda Ariana News ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, marosimda Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari Mulla Abdul G‘ani Barodar hamda O‘zbekiston energetika vaziri Jurabek Mirzamahmudov ishtirok etdi.
Loyihalar 18 oy ichida amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular orqali Afg‘oniston O‘zbekistondan 800 – 1000 megavatt elektr energiyasini import qiladi.
Asosiy loyihalar qatoriga Surxon – Dasht-i-Alvon 500 kV uzatish liniyasi, Arghandi podstansiyasini kengaytirish, Kobul – Sheyx Mesri 220 kV liniyasi hamda Nangarhorda yangi Sheyx Mesri podstansiyasi qurilishi kiradi.
Jurabek Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, bu hamkorlik ikki xalq manfaatiga xizmat qilib, Afg‘oniston sanoati va iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga turtki bo‘ladi.
DABS rahbari Abdul Bari Umar esa loyihalar mamlakatda sanoat, qishloq xo‘jaligi va bandlikni rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Afg‘oniston $20 millionlik 45 ta savdo bitimini imzolagan edi.