
«Toshkent» respublika fond birjasida (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 11-avgustdan 15-avgustgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 0,74 foizga tushdi.
Mazkur indeks to‘rt haftadan buyon pasayishda davom etyapti. Shunga qaramasdan, o‘tgan haftada undan oldingi davrga nisbatan ko‘plab aksiyalar narxi keskin qimmatlashdi.
Masalan, «Hamkorbank» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 31,98 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Ipak yo‘li» (+12,97%) va «Qo‘qon mexanika zavodi» (+12,83%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Biroq «Aloqabank»ning oddiy aksiyalari 4,44 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «O‘zbektelekom» (-2,29%) va «Chilonzor buyum savdo kompleksi» aksiyalari (-1,35%) ham pasayish bilan ajralib turdi.
Faqat «Ipoteka-bank» va «Biokimyo» aksiyalari, shuningdek, «Aloqabank»ning imtiyozli aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «O‘zsanoatqurilishbank» (3 527 ta), «O‘zbekinvest» (809 ta) va «Aloqabank» (508 ta bitim) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «Elektrqishloqqurilish» (875,20 mln so‘m) yetakchilik qildi. «Universal bank» (755,26 mln so‘m) va «O‘zRTXB» aksiyalari (254,68 mln so‘m) yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan 13 tasi haftani ijobiy, uchtasi o‘zgarishsiz, qolgan yettitasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 3,61 mlrd so‘m bo‘ldi.
Bundan oldin ham «Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 4-avgustdan 8-avgustgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 1,05 foizga tushgandi.
Ushbu davrda «Hamkorbank»ning imtiyozli aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 11,07 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Qo‘qon mexanika zavodi» (+7,87%) va «Biokimyo» (+6,24%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Biroq «O‘zbektelekom» aksiyalari (imtiyozli) 8,58 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Hamkorbank»ning oddiy aksiyalari (-3,97%) va «Olmaliq KMK» imtiyozli aksiyalari (-3,67%) ham pasayish bilan ajralib turdi.