Yangiliklar

Rossiyada 2026-yildan xorijlik ishchilar ulushi qisqarishi mumkin

Mehnat vazirligi ishlab chiqqan qaror loyihasiga ko‘ra
Rossiyada 2026-yilda chet ellik ishchilar ulushi qisqartirilishi mumkin. Foto: Vedomosti

Rossiyada 2026-yildan chet ellik ishchilar ulushi qisqarishi mumkin. Bu haqda mamlakat Mehnat vazirligi taklif bilan chiqmoqda.

Unga ko‘ra, qurilishda chet ellik ishchilar ulushi hozirgi 80 foizdan 50 foizgacha tushiriladi. Sabzavotchilik, yog‘ochni qayta ishlash va o‘rmon xo‘jaligida bu ko‘rsatkich 50 foizdan 40 foizga kamayadi.

Bundan tashqari, umumiy ovqatlanish sohasida ishchilarning yarmi mahalliy fuqarolardan iborat bo‘lishi shart qilib qo‘yiladi. Alkogol va tamaki mahsulotlari savdosida esa avvalgi 15 foizlik ulush butunlay bekor qilinib, chet elliklar ishlashi taqiqlanadi. Dorixonalar, bozorlardagi va ko‘cha savdosidagi cheklovlar esa avvalgi tartibda saqlanib qoladi.

Qaror loyihasida ayrim hududlar uchun ham maxsus cheklovlar belgilangan. Masalan, Amur viloyatida oziq-ovqat ishlab chiqarish, texnika ta’miri va veterinariya yo‘nalishlarida chet elliklar ishlashiga ruxsat berilmaydi.

Ulyanovsk viloyatida esa avtobus, tramvay va trolleybusda yo‘lovchi tashish sohasida chet elliklar mehnat qilishi to‘liq taqiqlanadi. Bu kabi tartiblar Udmurt Respublikasi, Zabaykale o‘lkasi, Krasnoyarsk o‘lkasi, Primore o‘lkasi, Yahudiy avtonom viloyati, Amur, Novosibirsk, Orenburg, Orlov, Samara, Tver, Tula, Ulyanovsk va Chelyabinsk viloyatlarida ham mavjud.

Ushbu choralarning asosiy maqsadi Rossiya fuqarolarini ish bilan ta’minlash va mehnat bozorida ularga ustuvorlik berishdan iborat.

Bundan avval Rossiya maktablarida sinfdagi migrant bolalar sonini bir nafarga cheklash taklif qilingandi.