
Oʻzbekiston 2025-yilning yanvar–iyul oylarida 17 ta davlatga qiymati $51 millionga teng boʻlgan 25,2 ming tonna gilos eksport qildi. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi ma’lum qildi.
Maʼlumotlarga koʻra, eng koʻp gilos Rossiyaga — 18,2 ming tonna yetkazib berilgan. Shuningdek, Qozogʻistonga 3,6 ming tonna, Qirgʻizistonga 2,7 ming tonna, Belarusga 232 tonna, Iroqqa 127 tonna, Birlashgan Arab Amirliklariga 126 tonna va Latviya bozoriga 34 tonna gilos eksport qilingan. Qolgan davlatlarga jami 93 tonna mahsulot yetkazib berilgan.
Avvalroq yuqori talab sababli O‘zbekistonning gilos eksporti qisqargan edi. Unga ko‘ra, joriy yilgi O‘zbekistondan yangi gilos eksport mavsumi oldingi yillarga nisbatan ancha qisqa — 15 – 20-iyun atrofida yakunlanishini taxmin qilingandi. Iyunning dastlabki yarmida O‘zbekistondan xalqaro bozorga yangi gilos jo‘natmalari qisqargan va ichki bozorda eksport uchun mavjud hajmlar juda kam bo‘ldi.
Ispaniyaning PSB Produccion Vegetal kompaniyasining O‘zbekistondagi vakili Farrux Abduxalimov mavsumning qisqarishiga bu yil hosil ancha erta pishgani va O‘zbekiston gilosiga xalqaro bozorlar tomonidan nihoyatda yuqori talab bo‘lganini sabab qilib keltirgan.
Oʻzbekiston 2024-yilning yanvar-avgust oylarida 16 ta davlatga qiymati $70,4 millionga teng boʻlgan 32,2 ming tonna gilos eksport qilgandi.